Mamlakatimiz maktablarida noyabr oyining rus tili oyligi sifatida oʻtkazilishi taʼlim jarayonlarida nafaqat oʻqituvchilar, balki oʻquvchilarning ham faolligini oshirdi.
Rus tili va adabiyoti oʻqituvchilarining ochiq darslari, oylik davomidagi koʻngilochar tadbirlar, oʻquvchilarning ifodali oʻqish boʻyicha oʻzaro bellashuvlari, rus xalq qoʻshiqlari va raqslarining ijrosi, intellektual salohiyatni yanada yuksaltirishga qaratilgan turli tanlovlar bolajonlarimiz xotirasida saqlanib qoldi.
Maktabimizning tajribali ustozlari N.Jumaboyeva, O.Yoʻldosheva, R.Matrasulov, Z.Madrahimovalarning bevosita tashabbuslari bilan bu tadbirlarga oʻziga xos mazmun baxsh etildi. Ayniqsa, rus yozuvchisi A.S. Pushkinning 220 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan adabiy kecha nihoyatda taʼsirchan oʻtkazildi. Yozuvchining qalamiga mansub “Yevgeniy Onegin” asari asosida tayyorlangan sahna asari oʻquvchilar tomonidan juda mahorat bilan ijro qilindi.
Oʻquvchilar rus tilini oʻrganish, oʻz tafakkurlarini yanada boyitish sari muhim qadamlarni qoʻydilar. Rus tilida boshqotirmalarni yechish, oʻzaro KVN musobaqalarida ishtirok qilish, mushoira va rus tilida ifodali oʻqish, topishmoqlar yoʻnalishida boʻlib oʻtgan rang-barang tadbirlar bolajonlarimizga maʼqul boʻldi.
“Til bilimdonlari” , “Bilimlar” bellashuvlarida, rus tili olimpiadalarida maktabimizning 5-sinf oʻquvchisi S.Otajonova, 6-sinf oʻquvchisi D.Sobirova, 7-sinf oʻquvchisi S.Tajiyeva, 11-sinf oʻquvchisi Sh.Poʻlatovalar erishgan muvaffaqiyatlardan faxrlanamiz.
Maktabimizda bunday tadbirlarni oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylangan. Bular oʻquvchilarning qobiliyatlarini yanada yuksaltirishga, tafakkurlarini oshirishga xizmat qilmoqda.
Natalya Roʻzmetova,
Urganch shahridagi 3-son umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi