Rustam Qodirov: Oʻzbekistonda yaqin 5 yillikda narxi 10 000 AQSH dollariga teng arzon avtomobillar, keyin esa 15 000 dollarlik krossoverlar ishlab chiqariladi

0
326
marta koʻrilgan.

 Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Oʻzbekistonda avtomobilsozlikni rivojlantirish strategiyasi» mavzusida OAV vakillari bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.

Tadbirda 2030 yilga qadar moʻljallangan Oʻzbekiston avtosanoatini rivojlantirish Konsepsiyasi ishlab chiqilgani haqida maʼlumot berildi.

“Ushbu konsepsiya internetdagi portalda eʼlon qilinadi, oʻrganib chiqasizlar, muhokama boʻladi, — dedi «Oʻzavtosanoat» strategik rejalashtirish direksiyasi boshligʻi Rustam Qodirov. — Mazkur konsepsiyada 2 ta tendensiya hisobga olingan: birinchi 5 yillikda narxi 10 000 AQSH dollari atrofida boʻlgan arzon avtomobillar ishlab chiqarilishiga eʼtibor qaratiladi, chunki shu toifa transport vositalariga talab yuqori boʻladi. Dunyo tajribasidan maʼlumki, krossover, yaʼni yoʻltanlamas avtomobillarga qiziqish va ehtiyoj yil sayin oshib bormoqda. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda birinchi 5 yillikdan keyin yangi tendensiya boshlanishini taxmin qilyapmiz: kelgusida Oʻzbekistonda narxi 15 000 AQSH dollari atrofida boʻlgan krossoverning kichikroq modellarini ishlab chiqarishga eʼtibor qaratiladi”.

Muloqot davomida premium segmentda Chevrolet Equinox krossoveri, Chevrolet Trailblazer yoʻltanlamas va Chevrolet Traverse oilaviy krossoveri ishlab chiqarilishi joriy yilning oxirigacha boshlashni rejalashtirilayotgani bildirildi.

“Oʻzavtosanoat” mutasaddilarining aytishicha, premium segment mamlakatimizda katta talabga ega emas, hatto avtokonsern umumiy hajmining 10 foizini ham tashkil etmaydi, chunki hammaning ham bunday avtomobil sotib olishga qurbi yetmaydi.

«Shu yilning oxirida, ehtimol dekabrda yoki keyingi yilning boshida 3 ta yangi model ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi, — dedi Rustam Qodirov. — Ularning hajmi kam boʻladi. Biz talabdan kelib chiqib, ish tutamiz. Sotib olinmaydigan minglab Trailblazer ishlab chiqarishning nima keragi bor? Bozorga qancha mashina kerak boʻlsa, shuncha chiqaramiz».

Uchrashuvda Oʻzbekiston MDH davlatlari ichida Rossiyadan keyin ikkinchi eng katta bozor ekani qayd etildi. Qozogʻiston, Rossiya, Belarus, Ukraina esa Oʻzbekistonning asosiy eksport bozorlari sifatida tilga olindi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Matbuot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.