Poytaxtdagi “Koʻkcha koshonasi”da Toshkent Davlat universiteti(bugungi OʻzMU) jurnalistika fakultetini 1973 yil bitkazgan kursdoshlarning qutlugʻ dargohga qadam tashlaganligining 50 yilligi boʻlib oʻtdi. Shu sanaga bagʻishlab «Saboqdosh jurnalistlarning 68-yil simfoniyasi» degan kitob ham chop etildi. Ushbu kitobdan kursdoshlarning kursdoshlar haqidagi maqolalari, ocherk, badia va qatralari joy olgan.
Ushbu kitob bilan tanishib, oʻtgan yarim asrda jurnalistika yuksakliklarga parvoz etganini his qilish mumkin.
Bundan ellik yil burun mamlakatimizda faqat Toshkent Davlat universitetidagina jurnalist — mutaxassislar tayyorlanar edi. Oʻsha 1968 yilda fakultetga atigi 25 nafar talaba qabul kilingan boʻlib, keyinchalik berilgan qoʻshimcha oʻrinlar bilan safdoshlar soni oʻttiz sakkiz nafarga yetgandi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston Milliy universiteti hamda Oʻzbekiston Jahon tillari universitetida jurnalistika fakultetlari faoliyat yuritmoqda. Eng quvonarli yangilik shuki, yaqindagina Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilib, kelajakda jurnalistika sohasida yetuk mutaxassislar tayyorlash borasidagi yana bir muhim qadam tashlandi. Oʻttiz olti millionlik aholi uchun bu davr zarurati, talabi edi.
Mustaqillikkacha sanoqligina davriy nashrlar boʻlgan boʻlsa, hozir u deyarli yuz barobar koʻpaydi. Internet jurnalistikasi paydo boʻlganligining oʻzi ulugʻvor bir hodisa boʻlib, unga ham malakali kadrlar zarur. Dizayner-jurnalist, jurnalist-blogerlar kabi yangi mutaxassisliklar paydo boʻldi. Jurnalistikaga yondosh Pablik rileyshnz (PR- jamoatchilik bilan aloqalar) paydo boʻldi. Unga koʻra har bir tashkilotga matbuot kotibi kerak boʻladi.
Yana safdoshlarga qaytadigan boʻlsak, 1973 yil bitiruvchilari orasida filologiya fanlari doktori, yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalistlar Muhammadjon Obidov, Namoz Saʼdullayev, Raʼno Zaripova, Komiljon Karimjonov, Tojikiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Oʻrinboy Usmonov, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Sulton Toʻxtamov, Ismoil Maxmud, “Shuxrat ” medali sohibi Bekposhsha Xoʻjayeva kabi oʻz kasbiga, el-yurtga fidoyilik bilan xizmat qilib kelayotgan safdoshlar bor.
«Saboqdosh jurnalistlarning 68-yil simfoniyasi» kitobini oʻqisangiz safdoshlar bilan yanada yaqindan tanishasiz.
“Istiqlol” nashriyotida chop etilgan kitobning gʻoya muallifi va toʻplovchisi Xolmurod Allanazarov, maxsus muharriri filologiya fanlari doktori, adib Xurshid Doʻstmuhammad.
Tadbirimiz oʻtgan safdoshlarimizni xotirlab, tilovat oʻqishdan boshlandi. Boqiy olamga oʻtgan kursdoshlarimizning joyi jannatda boʻlsin. Ular haqida alohida hikoya qilaman.
Raʼno Zaripova