Afsuski, chekka hududlardagi ayrim maktablarimizning ahvoli nihoyatda ayanchli.
Men Angor tumanidagi 9-maktabni koʻzdan kechirib, bunga yana bir bor ishonch hosil qildim. Bu yerda eng birlamchi sharoitlar ham yoʻqligi, kommunikatsiya, maktab jihozlari, hattoki oʻquvchilar uchun joy yetarli emasligini koʻrish men uchun ogʻriqli boʻldi.
Maktablarga ehtiyoj muntazam ravishda oshyapti. Tugʻilishlar soni yildan yilga koʻpligi uchun ham baʼzi maktablarda bitta sinfda 40 tagacha oʻquvchi oʻtirgani ham bor gap. Hali yana koʻplab oʻquv oʻrinlari barpo etilishi kerak. Bu ogʻir jarayon. Lekin bu muammolarni hal etmaslikning iloji yoʻq, oʻquvchilarga sharoit yaratmasdan turib, taʼlim sifatida haqida gapirish befoyda.
Taʼlimsiz taraqqiyotga erishib boʻlmaydi deb doim bong urib kelayotgan Prezidentimizning asosiy ustuvor maqsadlaridan biri ham taʼlim ekanligi bejiz emas. Prezident dalani emas bolani tanladilar. Oʻqituvchilar paxta balosidan ozod boʻldi. Ularni taʼlimdan boshqa majburiy mehnatga jalb qilish kabi holatlar uchun jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan jazo choralari belgilandi. Boshlangʻich sinflar uchun zamonaviy oʻqitish tizimi shu yil sentyabr oyidan joriy etilyapti. Ingliz tilini oʻrgatish uchun xorijdan chet tili mutaxassislari olib kelinyapti, maktablar uchun zamonaviy jihozlar ajratilyapti. Bularning barchasi — ushbu yoʻnalishdagi ishlarning ayrimlari xolos.
Tez orada ushbu maktabni taʼmirlash va qayta jihozlash ishlari boshlanadi. Lekin bu ishlar kimdir kelgani uchun emas, tizimli yoʻlga qoʻyilishi va har kuni davom ettirilishi kerak. Toki eng chekka qishloq maktabirida ham eng kamida zarur sharoit boʻlsin. Ana shundagina biz koʻzlagan maqsadimiz — sifatli taʼlimga erisha olamiz.
Manbaa: Saida Mirziyoyeva kanali