Yurtimiz yoshlarini yetuk va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik ruhida kamol topishlarini taʼminlash, iqtidori va qobiliyatlarini toʻla namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish “Sogʻlom avlod uchun” fondi jamoasining muhim vazifalaridan biriga aylangan.
Shuningdek, fond yoshlarni madaniy-maʼrifiy tadbirlar orqali tarbiyalash ishlariga ulkan xissa qoʻshib kelmoqda. Jumladan, Respublikadagi barcha “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari oʻrtasidagi “Kamalak jilosi” rasmlar koʻrik-tanlovi, maktabgacha taʼlim muassasasi va umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari jalb qilinadigan “Yer kurrasida tinchlik” nomli koʻrik-tanlovlar buning yaqqol namunasidir.
Mazkur tarbiyaviy ishlarning davomi sifatida Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi,”Sogʻlom avlod uchun” fondi hamda Toshkent fotosuratlar uyi hamkorligida Toshkent fotosuratlar uyida Abdurazzoqova Salima Maxmudovnaning “Orzular qay tomon yetaklar” nomli shaxsiy rasmlar koʻrgazmasining taqdimoti oʻtkazildi.
Taqdimotni “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi rahbari Svetlana Tursunxodjayevna Inomova qisqacha tabrik soʻzi bilan ochdi. Shuningdek, tadbirda amaliy sanʼat namoyondalari, muxlislar oʻz fikr-mulohazalari bilan qatnashdilar. Koʻrgazma ishtirokchilari sanʼat asari namunalarini qiziqish bilan tomosha qildilar. Koʻrgazmada rassomning portret, peysaj, natyurmort va sahna janrlaridagi turli-tuman asarlari taqdim etildi. Yorqin ranglarga boy asarlarda muallifning ona yurtga, betakror tabiatga, zaxmatkash xalkimizga boʻlgan yuksak tuygʻulari, mehru muhabbati oʻz ifodasini topgan boʻlib, yoshlarni ezgulikka chorlaydi..
Koʻrgazma muallifi Salima opa Abdurazzoqovaning oʻz tuygʻularini ifoda etish va shaxsiy mukammallikka eltuvchi yoʻllarni izlab birinchi bor 65 yoshida qoʻliga moʻyqalam olganligi tahsinga loyiq. Shuningdek, bu holat insonlar hayotida juda nayob hodisa! Salima opaning oʻzi bu holatni “orzular qanotidagi keksalik gashti” deb ifodalaydi. Oltmish besh yoshida boshlagan izlanishlari u kishiga omad keltirdi. Hayotga boʻlgan zavq-shavqiini oshirdi, intilishini kuchaytirdi, uxlab yotgan isʼtedodini uygʻotdi, ruhiyatini yuksaltirdi. Hayotga, sanʼatga boʻlgan muhabbati moʻyqalailarda qayta jonlandi.
Muallifning betakror ijodidagi yetakchi mavzulardan biri – quyosh nurlariga toʻyingan ona tabiatning matodagi ifodasini rang-barang olam, turfa gullar, ona yurt neʼmatlari orqali aks ettirish hamda insonlarga tabiat bilan muloqotlashish baxtini ulashdir.
Keksalik gashtini surayotganida hayotida yangi burilish yasagan, oʻzligini, irodasini, ijodkorligini namoyon qilgan Salima opa Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining markaziy zalida 2000 va 2005 yillarda tashkil etilgan dastlabki mualliflik koʻrgazmalari orqali muvaffaqiyatga erishgandi. Shuningdek, 2010 yil Toshknt shahridagi “Zarqaynar” milliy sanʼat markazida tashkil etilgan koʻrgazma ham sanʼat ixlosmandlari tomonidan iliq kutib olingan edi.
Salima aya yoshlarga ibrat qilsa arziydigan hayot kechirayotganligini va odamlarga zavq-shavq bagʻishlash yoʻlida hamon izlanishda, intilishda ekanligini kuni kecha namoyish etilgan koʻrgazma yana bir bor namoyon qildi.
Salima opa Abdurazzoqova Oʻrta Osiyo Davlat universiteti (bugungi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetini bitirgan. Oliy muassasani tamomlagandan soʻng sobiq OʻzSSR Fanlar Akademiyasining ilmiy xodimi sifatida faoliyat yuritgan. 1970 yildan 1986 yilgacha Oʻzbekiston amaliy sanʼat muzeyining direktori lavozimida faoliyat olib borib, muzey zahirasini boyitishga hamda amaliy sanʼat rivojiga, mohir sanʼat ustalarini qoʻllab-quvvatlashga ulkan xissa qoʻshgan zahmatkash insondir.
Namunali hayot kechirayotgan mehribon buvijon va zahmatkash ijodkor Salima opa Abdurazzoqovaga fayzli intilishlarida qut-barakatlar tilab qolamiz.
Javlon SAʼDULLAYEV