Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018 yil 11 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari faoliyati tahliliga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Qayd etilganidek, oʻtgan davr mobaynida chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish, xorijiy davlatlar, birinchi navbatda, qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasida sezilarli natijalarga erishildi.
“Oʻzbekistonning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo – bosh ustuvor yoʻnalish” tamoyili izchil hayotga tatbiq etilishi mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratish, oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik asosidagi aloqalarni mustahkamlash imkonini berdi. Shu asosda suvdan oqilona foydalanish, chegara, transport qatnovini qayta tiklash va kengaytirish kabi koʻplab nozik masalalarga yechim topildi.
Rossiya va boshqa MDH mamlakatlari, Xitoy, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Yevropa va Osiyodagi bir qator davlatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik sezilarli darajada mustahkamlandi. BMT, YeXHT, ShHT, IHT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi.
Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda. Toshkent shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining ofisi qayta ish boshladi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infrastruktura investitsiyalari banki bilan hamkorlikni yangicha asosda yoʻlga qoʻyildi.
2017 yilda 200 dan ortiq xalqaro shartnomalar, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida qiymati qariyb 60 milliard AQSH dollariga teng kelishuv va bitimlar imzolandi.
Bunday salmoqli ishlarda Tashqi ishlar vazirligi ham muhim oʻrin tutgani taʼkidlandi.
Yigʻilishda Tashqi ishlar vazirligi, uning muassasalari, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarining 2017 yildagi faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, 2018 yil va yaqin istiqboldagi ustuvor vazifalari belgilab olindi.
Prezidentimiz Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yilida Tashqi ishlar vazirligining barcha yoʻnalishlardagi faoliyati samaradorligini tubdan oshirish zarurligini taʼkidladi. Bunda, avvalo, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilishni qoʻllab-quvvatlash, mamlakatimiz sanoati va infratuzilmalarini modernizatsiya qilish uchun xorijiy investitsiyalar, ilgʻor texnologiyalar hamda ilm-fan yutuqlarini faol jalb etish, yurtimizga sayyohlar oqimini kengaytirish boʻyicha tizimli ish borish kerak. Elchilar va barcha darajadagi diplomatlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va oʻzgarishlarning yangi bosqichida faol qatnashishlari lozim.
Shavkat Mirziyoyev xorijiy davlatlardagi elchilar faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish va optimallashtirish, vazirlik va unga qarashli muassasalar tashkiliy-shtat tuzilmasini takomillashtirish, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarurligiga eʼtibor qaratdi.
Prezidentning Davlat maslahatchisi O.Murodov boshchiligidagi Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekistonning xorijdagi elchixonalari faoliyatini tanqidiy oʻrganish hamda tubdan takomillashtirish boʻyicha komissiya Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi har bir xodimning ishiga xolis baho berishi, mavjud kamchiliklarni tahlil qilib, ularni bartaraf etishga oid aniq takliflar kiritishi lozim boʻladi.
Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksportni qoʻllab-quvvatlash va investitsiyalar jalb etish, turizmni rivojlantirish, hukumatlararo komissiyalar faoliyatini kotibiyat sifatida muvofiqlashtirish, xorijdagi vatandoshlarimiz va fuqarolarimiz bilan ishlash boʻyicha ixtisoslashgan boʻlinmalar tashkil etish muhimligi taʼkidlandi. Yigʻilishda bugun qoʻyilayotgan vazifalar diplomatik xizmatni huquqiy jihatdan tartibga solishning samarali tizimini shakllantirishni talab qilayotgani ham qayd etildi.
Mamlakatimizning xorijdagi har bir diplomatik muassasasi amaliy faoliyati atroflicha koʻrib chiqildi va tanqidiy baholandi, yaqin istiqbolda tashqi siyosiy faoliyat yuritishning aniq yoʻnalishlari belgilab berildi.
Prezidentimiz har bir elchixonaga mamlakatimizning muayyan hududi va iqtisodiyot tarmogʻini biriktirish taklifini bildirdi. Endi har bir elchi ish kunini oʻziga biriktirilgan hudud hokimi va tarmoq rahbari bilan telefon orqali muloqot qilishdan boshlaydi. Eksport va turizmni rivojlantirish, biznes kooperatsiyasini kuchaytirish boʻyicha aniq investitsion loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar tezkor hal qilinadi.
Oʻz navbatida, viloyat hokimlari bir yilda kamida ikki marta tegishli mamlakatlarga xizmat safariga shaharsozlik va hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy axborot texnologiyalari, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, sanoat va qishloq xoʻjaligi, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalaridagi ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish maqsadida borishi shart.
Yigʻilishda, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi va uning diplomatik missiyalarining daxldor vazirlik hamda idoralar, mahalliy ijro organlari bilan oʻzaro idoralararo munosabatlarining aniq va samarali tizimini shakllantirish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Prezidentimiz tizimli va aniq targʻibot-tashviqot ishlari, ayniqsa, xorijiy mamlakatlarda yoʻlga qoʻyilmaganini tanqid qildi. Xorijiy sheriklarimiz haligacha yurtimizda amalga oshirilayotgan tub oʻzgarish va islohotlardan, ichki va tashqi siyosatimizning ustuvor jihatlari, biznes va investitsiya uchun yaratilayotgan qulay, yangi shart-sharoitlar haqida yetarlicha maʼlumotga ega emaslar, dedi davlatimiz rahbari.
Shu munosabat bilan Prezidentimiz “Jahon” axborot agentligi negizida yosh, salohiyatli mutaxassislarni jalb qilgan holda, eng ilgʻor texnikalar bilan jihozlangan zamonaviy media-markaz hamda Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparatida Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boʻyicha alohida tuzilma tashkil qilishni taklif etdi.
Yigʻilishda, shuningdek, diplomat kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida istiqbolli, oʻz kasbiga sodiq va professional yosh kadrlar tayyorlash sifatini oshirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi. Belgilangan ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi keng koʻlamli islohotlar va yangilanishlar muvaffaqiyatining muhim sharti ekani taʼkidlandi.
Yigʻilishda Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.