Samarqand obidalari Fransiya delegatsiyasida katta taassurot qoldirdi

0
113
marta koʻrilgan.

Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Samarqand shahrining qadimiy obidalari bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlat rahbarlari dastlab Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi va muzeyini borib koʻrdi. 

Maʼlumki, Muhammad Taragʻay Mirzo Ulugʻbek Amir Temurning suyukli nabirasi boʻlgan, ezgu ishlarini davom ettirgan. U ham hukmdor, ham olim sifatida ilm-fan va madaniyatni rivojlantirgan, bunyodkorlikka katta eʼtibor qaratgan. Oʻrta asrlardayoq noyob rasadxona barpo etib, osmon jismlarini juda aniq oʻrgangan. 

Mirzo Ulugʻbekning “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari dunyo astronomiyasida muhim qoʻllanma hisoblanadi. Uni Yevropa, jumladan, fransiyaliklar ham yaxshi bilishadi. 

Xususan, fransuz astronomi Jozef-Nikolya Delil faoliyati davomida Mirzo Ulugʻbekning asarlarini oʻrgangan, “Ziji jadidi Koʻragoniy” asarini lotin tiliga tarjima qildirgan. Delil 1739 yilda buyuk bobokalonimizning astronomiya jadvallari haqida nutq soʻzlagan. Ushbu nutqning matni hozirgacha saqlanib qolgan.

Bu kabi tarixiy maʼlumotlar ikki xalq aloqalarining tarixiy ildizlari qanchalik teranligini koʻrsatadi.

Mehmonlar muzeyda Mirzo Ulugʻbek davriga oid ashyolar, kitoblar, qoʻlyozmalar, asl nusxadagi kvadrant asbobini koʻzdan kechirdi. 

Prezidentlar Amir Temur maqbarasiga borishdi. 

Oliy martabali mehmonga buyuk Sohibqironning hayoti, harbiy mahorati, bunyodkorlik ishlari haqida soʻzlab berildi. 

Amir Temur oʻz kuch va salohiyati bilan hukmdorlik darajasiga chiqqan, Hindistondan Yevropagacha boʻlgan hududda barqaror davlat barpo etgan nodir shaxsdir. Sohibqironing harbiy yurishlari va diplomatiyasi uzoq oʻlkalarga ham katta taʼsir koʻrsatgan. Yevropa qirollari Amir Temur davlatini tan olib, u bilan aloqa oʻrnatishga intilgan. Jumladan, Fransiya qiroli Sharl VI bobokalonimizga maktub yoʻllagan.

Shu bois ham butun dunyoda Amir Temur shaxsiga va temuriylar merosiga qiziqish katta. Jumladan, 1988 yilda Fransiyada Temuriylar tarixi va madaniyatini oʻrganuvchilar assotsiatsiyasi tuzilgan. Uning sobiq prezidenti, professor Lyusen Keren Amir Temur va temuriylar davrini koʻp yillar davomida tadqiq etgani, Fransiya va Oʻzbekiston xalqlari yaqinlashishiga katta hissa qoʻshgani uchun Oʻzbekistonning “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

1996 yilda Parijdagi YUNYeSKO qarorgohida “Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va maorifning gullab-yashnashi” nomli koʻrgazma boʻlgan. Oʻtgan yili davlatimiz rahbarining Fransiyaga tashrifi doirasida Luvr muzeyida tashkil etilgan “Oʻzbekiston vohalarining moʻjizalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” koʻrgazmasi katta voqea boʻlgan edi. Unda temuriylar merosiga alohida oʻrin ajratildi.

Davlat rahbarlari Registon majmuasida ham boʻldi.

Maʼlumki, bu maskan Mirzo Ulugʻbek, Sherdor va Tillakori madrasalaridan iborat. Mirzo Ulugʻbek va Yalangtoʻshbiy qurdirgan bu obidalar asrlar davomida ilm ahlini oʻziga chorlab kelgan, yuzlab olimu fuzalolarga maktab boʻlgan. Ajoyib simmetriya va meʼmoriy qiyofa kasb etgan majmua bugungi kunda Samarqandning «tashrif qogʻozi»ga aylangan. 

Mehmonlarga ajdodlarimizning meʼmorchilik anʼanalari, peshtoqlardagi naqshlar va maʼnolar haqida soʻzlab berildi.

Soʻng Prezidentlar Shohi Zindaga bordi. Bu majmua sahoba Qusam ibn Abbos va allomalarning maqbaralaridan iborat. Majmuaning tarixiy, madaniy va badiiy qimmati shundaki, u arxitektura va bezak sanʼatining bir necha asrlar davomida rivojlanishi haqida tasavvur beradi. Shohi Zinda 2001 yilda YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. Shu jihatlari bilan sayyohlarni hamisha oʻziga jalb etadi.

Mehmonlar majmua darvozasi va maqbaralar tarixi bilan tanishdi, naqshlar nafisligini eʼtirof etdi.

Umuman aytganda, Samarqand obidalari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.