Majmuaning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq soʻzladi.
Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov oʻz vasiyatiga koʻra, Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasi yonida dafn etilgan edi.
Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu yerda Birinchi Prezidentimizning davlatimiz va xalqimiz oldidagi buyuk xizmatlariga munosib ulugʻvor maqbara majmua bunyod etildi.
Davlatimiz rahbari Samarqandga tashriflari davomida majmua qurilishining borishi bilan bir necha bor tanishdi. Ushbu maskanni yurtimizning eng qutlugʻ qadamjolaridan biriga aylantirish, ziyoratchilar uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.
Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov maqbarasini ziyorat qilib, Birinchi Prezidentimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qurʼon tilovat qilindi.
Tadbir ishtirokchilari, mamlakatimizning barcha joylaridan kelgan yurtdoshlarimiz maqbarani ziyorat qilib, gullar qoʻydilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga ham gul qoʻydi.
Shu kuni Forumlar majmuasida elga ehson oshi tortildi.