Samarqand tarixi, ajdodlarimiz merosi Janubiy Koreya Prezidentida katta taassurot qoldirdi

0
629
marta koʻrilgan.

Mamlakatimizda davlat tashrifi bilan boʻlib turgan Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In Samarqand shahriga keldi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.   

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Mun Chje In rafiqalari bilan Samarqanddagi tarixiy obidalarni koʻzdan kechirdi.

Davlat rahbarlari dastlab Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi va muzeyini borib koʻrdi. Amir Temurning suyukli nabirasi boʻlgan Muhammad Taragʻay Mirzo Ulugʻbek buyuk astronom olim va hukmdor sifatida ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qoʻshgan. Oʻrta asrlardayoq noyob rasadxona kashf qilib, osmon jismlarini juda aniq oʻrgangan. Uning “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari dunyo astronomiyasida muhim qoʻllanma boʻlib xizmat qilgan. 

Mirzo Ulugʻbek haqida koreyaliklar ham maʼlumotga ega ekani, bu yerga kelgan kishi uning zehni, ilm-fan rivojiga qoʻshgan hissasi kattaligiga yana bir bor ishonch hosil qilishi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va Janubiy Koreya Prezidentlari “Afrosiyob” muzeyida boʻldi.

Bu muzey Samarqand shahrining uch ming yillik tarixidan hikoya qiladi. Bu yerdagi noyob eksponat va devoriy suratlar butun dunyo sayyohlarini, ayniqsa, koreyaliklarni oʻziga jalb etib keladi. Chunki, VII asrga oid devoriy suratlardan birida Samarqand hukmdorining qadimgi Koreya – Koguryo elchisini qabul qilish marosimi ham aks etgan. 

Janubiy Koreya Prezidenti ushbu tarixiy suratni hayrat va eʼtibor bilan tomosha qilar ekan, xalqlarimiz oʻrtasidagi aloqalari uzoq oʻtmishga borib taqalishini, bu doʻstlik va hamkorlik bundan keyin ham bardavom boʻlishini taʼkidladi.

Shu yerda, davlat rahbarlari huzurida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan Koreya Respublikasining Madaniy meros maʼmuriyati oʻrtasida imzolangan madaniy meros sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumi oʻzaro almashildi.

Dunyoga mashhur Registon maydoni – ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyatini namoyon etuvchi yana bir maskan. Mirzo Ulugʻbek, Sherdor va Tillaqori madrasalarining mahobati, oʻzi xos arxitekturasi hammada hayrat va havas uygʻotadi.

Koreya Respublikasi Prezidenti ham Registondagi har bir obida, milliy hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmalarini hayrat bilan tomosha qildi. Oliy martabali mehmonga madrasalarning qurilish tarixi, peshtoqlaridagi naqsh va ramzlarning mazmuni haqida soʻzlab berildi.

Amir Temur maqbarasi ziyorati chogʻida mehmonlarga buyuk bobomizning davlatchilik siyosati, harbiy mahorati, turli mamlakatlar bilan diplomatik aloqalari haqida soʻzlab berildi. Sohibqiron bobomiz va temuriylar davlati oʻz davrining eng ulkan va rivojlangan mamlakati boʻlgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. 

Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning Oʻzbekistonga davlat tashrifi davom etmoqda

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.