Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand tumanida barpo etilayotgan savdo, sanoat va servis majmuasining qurilish maydonida boʻldi. Uning hududi 37 gektar. Bu yerda umumiy qiymati 2 trillion 79 milliard soʻmlik 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ulardan birinchisi – avtomobillar ehtiyot qismlari bozori yaqinda ishga tushiriladi. 11 gektarni egallagan savdo doʻkonlarida 3 mingta ish oʻrni yaratiladi.
Ayni paytda gazoblok, penoplast, ohak va zichlagich ishlab chiqarish korxonalari qurilishi jadal olib borilmoqda. Ular shu yil oxirida foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, kelgusi yillarda “Koʻksaroy avtomoll” savdo va koʻngilochar markazi, oynaga ishlov berish, plastik va alyumin romlar korxonasi qurib bitkazilishi rejalashtirilgan.
Umuman, ushbu loyihalarda oʻn mingga yaqin aholi doimiy ish bilan taʼminlanadi.
Davlatimiz rahbari buning ahamiyatiga alohida toʻxtalib, loyihalarni tezlashtirish, shu yerning oʻzida ishlab chiqarishlarni yoʻlga qoʻyish, ishsiz aholi bandligini taʼminlash muhimligini taʼkidladi.