Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 dekabr kuni Samarqand viloyatida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu loyihalar Samarqandni zamonaviy shaharga aylantirish, aholi, tadbirkorlar va investorlar uchun qulayliklarni oshirish, turizm rivoji uchun sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan.
Maʼlumki, yaqin yillarda Samarqand yashash uchun qulay “millionli shahar”ga aylantiriladi. Buning uchun shahar tarkibiga qoʻshni tumanlardan muayyan hududlar qoʻshiladi. Davlat idoralari va maʼmuriy xizmatlar tarixiy markazdan boshqa joyga koʻchiriladi. 2 ta tonnel va 2 ta koʻprik quriladi.
Samarqandning asosiy drayverlaridan biri boʻlgan turizm sohasida 40 ming kishining bandligini taʼminlash rejalashtirilgan. Buning uchun viloyatni yurtimizning “Turizm darvozasi”ga aylantirish orqali kelgusi besh yilda sayyohlik xizmatlari hajmini 10 barobarga oshirish moʻljallangan. Jumladan, 600 dan ortiq yangi mehmonxona va oilaviy mehmon uylari tashkil etiladi.
Bu sohadagi eng ulkan loyiha Samarqand biznes va turizm markazidir. 212 gektar maydonda barpo etilayotgan bu maskanda xalqaro kongress markazi, “Abadiy shahar” karvonsaroy majmuasi, 8 ta mehmonxona, dam olish va koʻngilochar obyektlar, hunarmandchilik markazi, sunʼiy suv havzalari boʻladi. Bu yerda 5 mingdan ziyod yoshlar bandligi taʼminlanadi.
Umuman, viloyatga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar sonini yiliga 5 millionga yetkazish maqsad qilingan.
Taqdimotda ushbu loyihalarning amaliy jihatlari, rejadagi inshootlarni zamonaviy va sifatli qilib qurish choralari muhokama qilindi.