Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniyat va sanʼatni rivojlantirish fondi tashabbusi bilan joriy yilning 1-3 noyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Samarkand Half Marathon – ilk xalqaro xayriya marafoniga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Samarqanddagi birinchi Xalqaro marafon oʻtkazilishidan maqsad — madaniyat va sanʼat obyektlarining barcha uchun ochiqligini taʼminlashdan iborat.
Marafon tashkilotchilarining taʼkidlashicha, bunday keng miqyosdagi tadbir Oʻzbekistonda ilk marta tashkillashtirilmoqda hamda marafonga Rossiya, Gruziya va boshqa davlatlardan mutaxassislarning jalb qilinishi, uning haqiqiy xalqlar madaniyatini almashishiga zamin yaratadi.
Loyihadan koʻzlangan maqsad – madaniyat va sanʼat obyektlaridagi inklyuzivlik masalalariga jamoatchilik eʼtiborini qaratish, shuningdek, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va mamlakatda sport turizmini rivojlantirishdir.
Marafonga tajribali va havaskor yuguruvchilar ham ishtirok etishi mumkin. Sportchilar 21 km, 10 km va 2 km masofaga yugurib kuch sinashishlari mumkin.
Tashkilotchilarning aytishicha, yugurish xayriya marafoni keng koʻlamdagi madaniy dasturlardan iborat va esda qolarli tadbirlarga boy boʻladi. Xususan, inklyuziv mavzularga bagʻishlangan taʼlimiy tadbirlar, bolalar va kattalar uchun maʼruza hamda mahorat darslari, sport haqida hujjatli film namoyishi, mahalliy estrada yulduzlari hamda Finlyandiya, Germaniya, Turkiya va Rossiyadan tashrif buyurgan sanʼatkorlar ishtirokida konsert dasturlari tashkil etiladi.
Marafondan tushgan barcha mablagʻlar Toshkent shahridagi teatrlardan birida tiflosharhlar yordamida sahna asarlari namoyish etiladigan tajriba loyihasi amalga oshirilishiga yoʻnaltiriladi. Bu zaif koʻruvchi va koʻzi ojiz tomoshabinlarga sahna asari haqida toʻliq tasavvur hosil qilishga imkon beradi. Bu esa, shubhasiz, koʻzi ojiz va zaif koʻruvchilarning madaniy muhit bilan tanishish imkoniyatlarini kengaytirib, ijtimoiy moslashishlarida muhim qadam boʻladi.
Shuningdek, matbuot anjumanida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi inklyuziv muammolarga bagʻishlangan tadqiqotlar olib borayotganini ham taʼkidlab oʻtishdi. Tadqiqot natijalari yarim marafonning taʼlimiy dasturi doirasida maʼlum qilinadi.
Samarqand yarim marafonida uch xil masofaga yugurish boʻyicha roʻyxatdan oʻtish 20 oktyabrga qadar davom etadi.