Samarqandda transport tizimini rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi

0
191
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni Samarqand shahrida transport tizimini rivojlantirish boʻyicha rejalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Mamlakatimizning Taraqqiyot strategiyasida Samarqand shahrini istiqbolda “millionlik shaharlar”ga aylantirish maqsadi belgilangan. Buning uchun joriy yilda shahar hududi 28 ming gektar qilib kengaytiriladi. Kelgusi besh yilda Qorasuv mavzesi, Shirin mahallasi va vokzal ortidagi hududda 300 ming aholiga moʻljallangan yangi uy-joylar barpo etiladi. Shuningdek, turistlar soni 5 million nafarga yetishi kutilmoqda.

Bularning barchasi shaharning transport tizimi, yoʻllari va yoʻl infratuzilmasini yangidan koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.

Hozirda doimiy aholi va tumanlardan keluvchilarni qoʻshib hisoblaganda, Samarqand shahrida kuniga 925 ming kishi harakatlanadi. Ularning katta qismi – 592 ming nafari shaxsiy avtomobillarda yuribdi. Jamoat transportidan bor-yoʻgʻi 330 mingdan ziyod aholi foydalanayapti.

Bunga sabab jamoat transporti qatnovi qulay va barqaror emas. Tashuvchilar aholining ehtiyojidan kelib chiqib emas, kunning “eng daromadli” paytida harakat qiladi. Soʻnggi ikki yilda 38 ta marshrut norentabellik sababli toʻxtagan, 300 ta avtobus yetishmaydi.

Shu bois davlatimiz rahbari Samarqand shahrida jamoat transporti tizimini rivojlantirish boʻyicha topshiriq bergan edi. Taqdimotda xorijiy ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan takliflar muhokama qilindi.

Unga koʻra, jamoat transporti tarmogʻi magistral, yetkazib beruvchi va ichki yoʻnalishlarga ajratiladi. Hozirgiga qoʻshimcha 40 ta yangi yoʻnalish, xususan, aeroport, vokzal va tarixiy markazlarni bogʻlaydigan 5 ta ekspress yoʻnalish tashkil etiladi. Avtobuslar katta sigʻimlisiga almashtirilib, markaziy koʻchalarda ularning harakati uchun alohida yoʻlak ajratiladi. 2022 yilda 80 ta, 2023 yilda 100 ta elektrobus olib kelinadi. Bekatlar soni koʻpaytiriladi. Samarqand shahar hokimligi tarkibida Transport boʻlimi tashkil etiladi. 1 iyuldan boshlab, Samarqand viloyati byudjetidan shahar transportiga subsidiya ajratish yoʻlga qoʻyiladi.

Davlatimiz rahbari bu ishlarda ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash, yoʻl harakatini boshqarishni raqamlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.

– Hayot tezlashdi, odamlarning faolligi oshdi. Lekin jamoat transporti avvalgiday turibdi. Yoʻlni kengaytirish bilan tirbandlik muammosini hal etib boʻlmaydi. Jamoat transportiga ustunlik berish kerak. Dunyo tajribasiga qaranglar. “Aqlli svetofor”lar oʻrnatib, yoʻl harakatini onlayn boshqarib, koʻchalarning oʻtkazuvchanligini oshirish zarur. Kelgusida hamma shaharlarimizda shunday qilamiz. Samarqand bunda andoza boʻlishi kerak, – dedi Prezident.

Shu bois, loyihani mukammal qilish, yoʻnalishlarni toʻgʻri tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi. Loyihani jamoat transporti holati eng ogʻir boʻlgan koʻchalardan boshlab, bosqichma-bosqich amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

– Odamlar bu ishlarni qulayligidan sezishi kerak. Jamoat transportida yurish arzon, sifatli va tez boʻlsa, yoʻlovchilar shuni tanlaydi. Buning uchun infratuzilmani, yoʻnalishlarni toʻgʻri tashkil qilish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Pastdargʻom va Bulungʻur tumanlarini Samarqand shahri bilan bogʻlaydigan elektropoyezd qatnovini yoʻlga qoʻyish taklifi bildirildi.

Yoʻl-transport infratuzilmasini yaxshilash rejalari boʻyicha ham axborot berildi. Bu yil Samarqand shahrida 160 kilometr yoʻl taʼmirlanadi, 5 ta yoʻl oʻtkazgich qurilishi boshlanadi. 102 ta yangi bekat tashkil qilinib, mavjudlari tartibga keltiriladi.

Davlatimiz rahbari yoʻllar qurish va taʼmirlash bilan birga ularni sifatli saqlash ham zarurligini taʼkidladi. 

– Biz koʻp yoʻl qurdik, lekin uning ekspluatatsiyasi bilan aytarli shugʻullanilmadi. Yoʻllarning balansi, foydalanish muddatining tahlili yoʻq. Sarflanayotgan mablagʻ maqsadli emas. Baʼzan yoʻl ustiga yana yoʻl quriladi. Shuning uchun qayerga yoʻl qurish, qaysini taʼmirlashni Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati aytishi kerak. Chunki koʻchalardagi tirbandlik, xavfsizlik shunga bogʻliq, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 4 apreldagi “Avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklarining maxsus ekspluatatsiya-montaj boʻlinmalari hududiy ichki ishlar organlarining yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari huzuriga oʻtkazildi.

Taqdimotda Samarqand viloyati maxsus ekspluatatsiya-montaj boʻlinmasi tomonidan amalga oshiriladigan ishlar ham koʻrib chiqildi. Samarqand shahridagi 49 ta chorrahada “transport oqimini raqamli boshqarish” tizimi joriy etilishi, 140 ta chorrahaga zamonaviy svetoforlar oʻrnatilishi, markaziy koʻchalar zamonaviy yoʻl belgilari bilan jihozlanishi qayd etildi. Natijada svetoforda turish vaqti 31 foizga, harakat vaqti 36 foizga, harakat tezligi 17 foizga yaxshilanadi.

Yoʻl quruvchi tashkilotlar va Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini oʻqitish, malakasi va dunyoqarashini oshirish, tanlov asosida ishga olish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.