Samimiy minnatdorlik

0
354
marta koʻrilgan.

Tavallud topgan kunim munosabati bilan chin yurakdan oʻzlarining samimiy tabrik va qutlovlarini yoʻllab, ezgu tilaklarini bildirgan davlat va hukumat boshliqlariga, chet ellik siyosat va jamoat arboblari, xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, ishbilarmon doiralar vakillariga, yurtimizdagi mahallalar va mehnat jamoalariga, turli kasb egalari boʻlgan barcha vatandoshlarimizga chuqur minnatdorligimni izhor etaman.

Koʻpmillatli xalqimiz va davlatimizga yuksak hurmat va ehtirom ifodasi boʻlgan ushbu tabrik va tilaklar men uchun gʻoyat qadrli boʻlib, ularni Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi keng koʻlamli demokratik islohotlarimiz hamda mamlakatimizning dunyo miqyosida ortib borayotgan obroʻ-eʼtibori va nufuzining yana bir eʼtirofi sifatida qabul qilaman.

Mana shu quvonchli ayyomda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda hal qiluvchi kuch boʻlgan mehnatkash va bagʻrikeng, koʻpmillatli xalqimizga oʻzimning yuksak farzandlik mehrim va ehtiromimni bildirishdan behad mamnunman.

Ishonchim komilki, el-yurtimizning kuch-gʻayrati va bunyodkorlik salohiyati bilan qonun va adolat barcha sohalarda ustuvor boʻladigan xalqparvar davlat va jamiyat qurish boʻyicha oʻz oldimizga qoʻygan yuksak maqsadlarga albatta yetamiz.

Shavkat Mirziyoyev,   Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.