Samimiy qutlovlar

0
92
marta koʻrilgan.
Mamlakatimizda 2021 yil 24 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan saylovda Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan uning nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli davlat va jamoat arboblaridan samimiy tilaklar bildirilgan qutlovlar kelmoqda. 

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Janobi Oliylari!

Sizni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga ikkinchi muddatga qayta saylanganingiz bilan chin dildan qutlashga ijozat bergaysiz.

Siz bilan, shu jumladan BMTning mamlakatingizdagi jamoasi hamda Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi orqali bizlarni qiziqtirgan masalalarda yaqindan hamkorlik qilishimizdan umidvorman.

BMT global xatarlarni birgalikda bartaraf etishda, shu jumladan xalqaro tinchlik va xavfsizlik, inson huquqlari va barqaror taraqqiyot masalalarida Oʻzbekistonning koʻmagiga va qatʼiy intilishiga tayanishda davom etadi.

Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak hurmat-ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Antoniu Guterrish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Janobi Oliylari!

Oʻzbekiston Respublikasi xalqining faol qoʻllab-quvvatlashi bilan Prezident lavozimiga muvaffaqiyatli qayta saylanganingiz bilan Sizni samimiy qutlashga ijozat bergaysiz. Sizning mohirona rahbarligingizda Oʻzbekiston oʻz taraqqiyot yoʻlini davom ettirishiga ishonaman.

Prezident sifatida faoliyatingizning ikkinchi muddati davomida Siz bilan yaqin hamkorlik qilish orqali mamlakatlarimiz oʻrtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashimizga umid qilaman.

Siz va rafiqangiz bilan joriy yil dekabr oyida Koreyada uchrashishimni orziqib kutmoqdaman.

Sizga mustahkam sogʻlik, Oʻzbekiston Respublikasiga esa abadiy ravnaq tilayman.

Mun Chje In, Koreya Respublikasi Prezidenti

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Janobi Oliylari!

Yaponiya hukumati va xalqi nomidan Sizni Oʻzbekiston Respublikasi lavozimiga qayta saylanganingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Qonun ustuvorligiga asoslangan erkin va ochiq xalqaro makonni barpo etish doirasida Yaponiya biz uchun muhim strategik hamkor boʻlgan Oʻzbekiston bilan sheriklikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqda.

Yaponiya Oʻzbekistonning mamlakatni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarini va Siz, Janobi Oliylarining rahbarligida olib borilayotgan islohotlarni izchil qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirilgan rasmiy tashrifingiz davomida erishilgan barcha kelishuvlar va qoʻshma loyihalarni bundan buyon ham birgalikda amalga oshirishimizga umid bildiraman.

Kelgusi yilda diplomatik munosabatlarimiz oʻrnatilganining 30 yilligini keng nishonlaymiz. Umid qilamanki, Yaponiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik barcha yoʻnalishlarda yanada rivojlanadi.

Ushbu imkoniyatdan foydalanib, Sizga mustahkam sogʻlik va muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston xalqiga esa bardavom ravnaq tilayman.

Fumio Kisida, Yaponiya Bosh vaziri

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Prezident janoblari!

Sizga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganingiz munosabati bilan samimiy tabriklarimni yoʻllamoqdaman.

Ushbu lavozimdagi faoliyatingizning ikkinchi muddatida ham Oʻzbekiston Siz tanlagan keng koʻlamli islohotlar va jamiyat ochiqligini taʼminlash yoʻlidan borishiga hamda demokratiya va qonun ustuvorligi borasida yangi muvaffaqiyatlarga erishishiga umid bildiraman. Manfaatlar muvozonati va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlariga qaratilgan tashqi siyosati tufayli Oʻzbekiston Markaziy Osiyoni barqarorlashtirishga bundan buyon ham muhim hissa qoʻshishiga ishonaman. Bu Afgʻonistonda kechayotgan bugungi voqealar nuqtai nazaridan ham favqulodda muhim ahamiyatga ega.

Ayniqsa, ikkimizning 2019 yilgi oʻzaro tashriflarimiz natijasida Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar mustahkamlanib, sezilarli faollashganini ijobiy baholayman. Germaniya kelajakda ham Oʻzbekistonga ochiqlik yoʻlidagi harakatida sheriklik koʻmagini koʻrsatishga va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga tayyor. Siz bilan oʻrtamizdagi fikr almashinuvini yuksak qadrlayman va kelgusida uni davom ettirishdan mamnun boʻlaman.

Oldingizda turgan muhim vazifalarni bajarishda hamda Siz oʻzbek xalqini rozi qilishdek maqsadni oʻz oldingizga qoʻyganingizni hisobga olib, Sizga kuch-quvvat, muvaffaqiyat va doimiy omad tilayman.

Frank Valter-Shtaynmayer, Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Prezident janoblari!

Siz Oʻzbekiston Prezidenti yuksak lavozimiga qayta saylangan kunning ertasiga katta mamnuniyat bilan samimiy qutlovlarimni yoʻllamoqdaman. Ushbu lavozimdagi faoliyatingizni Fransiyaning doʻsti hisoblangan oʻzbek xalqi manfaatlari yoʻlida amalga oshirishda Sizga eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Qayta saylanganingiz keyingi besh yilda Sizning rahbarligingizda jamiyat hayotining barcha sohalarida boshlangan muhim islohotlar samarasi yanada yuksalishiga umid qilaman.

Ishonchim komilki, 2018 yilda Fransiyaga amalga oshirgan tashrifingiz tufayli hamkorligimizga bagʻishlangan surʼat saqlanib qolib, Prezident lavozimidagi faoliyatingizning ikkinchi muddati ikki tomonlama munosabatlarning barcha – siyosiy, madaniy va iqtisodiy yoʻnalishlarida yanada rivojlanadi.

Afgʻonistondagi tahlikali vaziyatdan kelib chiqib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi xavfsizlik masalalari boʻyicha muloqotni 30 avgust kuni oʻtgan suhbatimizda kuzatilgan oʻzaro anglashuv va hamkorlik ruhida davom ettirish ayniqsa muhimdir.

Shuningdek, Fransiya va Oʻzbekiston global iqlim, salomatlik va iqtisodiy taraqqiyot kabi tobora dolzarb tus olayotgan masalalarga nisbatan xalqaro hamjamiyatning oʻzaro muvofiqlashtirilgan yechimlarni ishlab chiqishga koʻmaklashish maqsadida bu boradagi harakatlarini muvofiqlashtirishni davom ettirishiga umid qilaman.

Eng ezgu tilaklarimni izhor etarkanman, Siz, Prezident janoblariga boʻlgan yuksak ehtiromimni bildiraman.

Hurmat bilan,

Emmanuel Makron, Fransiya Respublikasi Prezidenti

 

Shuningdek, quyidagilar oʻz tabriklarini yoʻllagan:

Armaniston Respublikasi Prezidenti Armen Sarkisyan

Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan

Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili

Niderlandiya Qiroli Villem-Aleksandr

Avstriya Respublikasi Federal Prezidenti Aleksandr Van der Bellen

Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev

Gretsiya Respublikasi Prezidenti Katerina Sakellaropulu

Latviya Respublikasi Prezidenti Egilts Levits

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban

Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud

Saudiya Arabistoni Podshohligi valiahdi, Bosh vaziri oʻrinbosari, mudofaa vaziri Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud

Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy

Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Orif Alviy

Bangladesh Xalq Respublikasi Prezidenti Abdul Hamid

Qatar Davlati Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy

Qatar Davlati Amirining oʻrinbosari Abdulla bin Hamad Ol Soniy

Qatar Davlati Bosh vaziri, ichki ishlar vaziri Xolid bin Xalifa bin Abdulaziz Ol Soniy

Quvayt Davlati Amiri Navof al-Ahmad al-Jobir as-Saboh

Quvayt Davlati Bosh vaziri Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh

Quvayt Davlati valiahdi Mishʼal al-Ahmad al-Jobir as-Saboh

Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux

Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Prezidenti Nguyen Suan Fuk

Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel Bermudes

Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko

YUNYeSKO bosh direktori Odri Azule

Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Kunio Mikuriya

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bagʻdod Amreev

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husrav Noziriy

Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungong

BMTning Jenevadagi boʻlinmasi direktori Tatyana Valovaya.

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.