Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi 1-bolalar musiqa va sanʼat maktabini koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Maktab oʻtgan yili respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan bunyod etilgan. 250 oʻquvchiga moʻljallangan. Joriy oʻquv yilida 1-sinfga 145 nafar oʻgʻil-qiz qabul qilingan.
Bu yerda yoshlar 12 yoʻnalish boʻyicha maktabdan tashqari taʼlim oladi. Oʻquvchilar ijodiy imtihonlar asosida saralab olinadi.
Ellikka yaqin oʻquv va kompyuter xonalari, tadbirlar zalida shinam sharoitlar yaratilgan. Kutubxonada 5 ming 500 dan ortiq oʻquv adabiyoti va notalar jamlangan.
Prezidentimiz sanʼat maʼnaviy boy avlodni tarbiyalashga xizmat qilishini, bunga mehrni bolalikdan boshlab shakllantirish zarurligini taʼkidladi. Shu maqsadda umumiy taʼlim tizimi bilan musiqa taʼlimi dasturlarini uygʻunlashtirish muhimligi aytildi. Sanʼat maktablari bilan oliygohlar, teatrlar va boshqa madaniyat muassasalarining hamkorligi tizimini kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.
Mamlakatimizda barcha maktablar cholgʻu asboblari bilan taʼminlanib, yoshlarning qiziqish va isteʼdodi rivojlantirilmoqda. Bu anʼanaviy sanʼat yoʻnalishlari bilan birga maqom, baxshichilik va mumtoz musiqa qadriyatlarimizni davom ettirishga xizmat qiladi.