Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 11 mart kuni sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni yanada kengaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 24 yanvardagi qarori bilan 2022 yilga moʻljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish dasturi qabul qilingan edi. Unga muvofiq, 2 ming 455 ta loyiha doirasida qariyb 37 trillion soʻmlik yangi mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Yigʻilish avvalida ushbu loyihalar ijrosi tanqidiy tahlil qilindi. Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati, “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatida bu borada sustkashlikka yoʻl qoʻyilgani koʻrsatib oʻtildi. “Elektron kooperatsiya” portali orqali tuzilgan shartnomalar ayrim hududlarda bajarilmagan. Elektron savdolarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Namangan, Surxondaryo va Xorazmdagi korxonalar ulushi 1 foizga ham bormaydi. Kooperatsiya yetishmasligi sababli yurtimizda ishlab chiqarish mumkin boʻlgan ayrim tovarlar importi oshgan.
– Bugungi oʻzgaruvchan sharoitda iqtisodiyot barqarorligini taʼminlashning eng samarali yoʻli bu – ichki imkoniyatlarni ishga solish, import boʻlayotgan ayrim mahsulotlarni oʻzimizda ishlab chiqarish va sanoatni yanada rivojlantirish. Bu milliy iqtisodiyotimizning ustuvor yoʻnalishi boʻlishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda shu boradagi muhim chora-tadbirlar belgilandi. Yirik korxonalar bilan mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida kooperatsiyani mahsulotlar kesimida yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.
Misol uchun, Navoiy kon metallurgiya kombinati xorijdan olayotgan mahsulotlar va ularga texnik talablar haqidagi maʼlumotlarni “kooperatsiya portali”ga joylashtirgandan soʻng, ilgari import qilingan 600 milliard soʻmlik mahsulotlarni hozir 18 ta mahalliy korxona yetkazib bermoqda.
Prezident bu tajribani barcha tarmoq va hududlarda yoʻlga qoʻyish, import qilinayotgan mahsulotlarni oʻzlashtirishga tadbirkorlarni jalb etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Shu maqsadda sanoat yarmarkalari oʻtkazish tartibi ham oʻzgartiriladi. U yerda tayyor mahsulotga xaridor topish bilan birga, oʻzlashtirishga tavsiya qilinayotgan tovarlar boʻyicha biznes rejalar ham ishlab chiqiladi. Loyihaga qiziqqan tadbirkorlar shu yerning oʻzida buyurtmachi bilan xarid shartnomalarini, banklar bilan moliyalashtirish masalasini kelishib oladi.
Buning uchun “Oʻzekspomarkaz”da doimiy ishlaydigan sanoat koʻrgazmasi, viloyat markazlari va sanoat zonalarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning “shou-rum”lari tashkil etiladi.
Shu bilan birga, yangi loyihalarning marketing tadqiqotlari, mahsulotni xorijda sertifikatlash xarajatlarining bir qismi qoplab berilishi aytildi.
Yigʻilishda jahon bozorida roʻy berayotgan oʻzgarishlar atroflicha tahlil qilindi.
Xomashyo olib kelib, bojxona hududida qayta ishlab, eksport qiladigan korxonalarga, apreldan boshlab, qator imtiyoz va yengilliklar berilishi belgilandi. Jumladan, ularning loyihalari uchun texnik-iqtisodiy asos, mahsulot sertifikati, bojxona toʻlovlari taʼminoti talab etilmaydi, ularga ruxsatnoma berish muddati 3 barobar qisqaradi, olib kelingan dastgohlar uchun bojxona bojlari undirilmaydi.
Yangi bozorlarga kirish uchun sanoatga xalqaro standartlarni keng joriy qilish ham zarur. Misol uchun, 2019-2021 yillarda toʻqimachilik yoʻnalishidagi 2 mingta korxona xalqaro sertifikat olgani hisobiga ularning eksporti 1,5 barobarga oshgan.
Qolaversa, yaqinda “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi Oʻzbekiston paxtasiga boykotni bekor qildi. Bu ham katta imkoniyat, yangi bozorlar, degani.
“Oʻzstandart” agentligiga xalqaro sertifikatga ega korxonalarni boshqa tarmoqlarda ham koʻpaytirish, hududlardagi “Loyiha ofislari” huzurida Xalqaro standartlarni oʻrgatish markazlarini tashkil etish vazifasi qoʻyildi.
Yurtimizda xomashyosi boʻlgan yana bir sanoat tarmogʻi bu – qurilish materiallari. Bu boradagi geologiya zaxirasini kengaytirishga 100 milliard soʻm ajratilgan. Joriy yilda 1 milliard 800 million dollarlik 420 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Mutasaddilarga ushbu loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish, qurilish materiallari eksporti hajmini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Farmatsevtika tarmogʻida mavjud quvvatlarni toʻliq safarbar etish va import oʻrnini toʻldirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.
Maʼlumki, sanoat korxonalari ilm va innovatsiyadan ajrab qolsa, yangi raqobat sharoitiga moslashishi qiyin boʻladi. Shuning uchun Innovatsion rivojlanish vazirligiga hududlardagi korxonalarni zamon talabiga uygʻunlashtirish, mahsulot sifatini oshirishga koʻmaklashish boʻyicha vazifalar yuklatildi.
Yigʻilishda sanoat tarmoqlari va yirik korxonalar rahbarlari, hokimlar soʻzga chiqdi.