Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 sentyabr kuni tarmoq va hududlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni oshirish chora-tadbirlari muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Iqtisodiyotga investitsiya va ilgʻor texnologiyalar faol jalb etilayotgani natijasida sanoat izchil rivojlanmoqda. Joriy yilning yetti oyida yurtimizda sanoat mahsulotlari hajmi 5,7 foizga oʻsib, 345 trillion soʻmga yetgan. Bu koʻrsatkich elektr texnikasi sanoatida 46 foiz, yengil avtomobillarda 16 foiz, qurilish materiallari tarmogʻida 12 foiz, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishda 11 foizni tashkil qilgan.
Ish toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan joylarda ham oʻzgarish boʻlmoqda. Xususan, sanoat koʻrsatkichi Bandixonda 45 foiz, Kitobda 19 foiz, Qiziriqda 18 foiz, Kegeylida 14 foiz oʻsgan. Shu kabi 25 ta tuman va shaharda sanoat hajmi 10 foizdan ziyod koʻpaygan.
Umuman, yil boshidan buyon mamlakatimiz boʻyicha 2 mingta yangi sanoat loyihasi ishga tushirilib, yil yakunigacha qoʻshimcha 1 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish imkoni yaratildi.
Misol uchun, “Pistali” oltin konida yangi metallurgiya zavodi muddatidan oldin quvvatga kiritilgani hisobiga, shu yilning oʻzida qoʻshimcha 840 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqariladi. Zavoddagi qariyb 50 million dollarlik uskunalar sanoat kooperatsiyasi asosida oʻzimizda tayyorlangan.
Lekin, hamma tarmoq va hududda ham imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmayapti. 34 ta tuman va shaharda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oʻtgan yilga nisbatan pasaygan. Ayrim tarmoqlarda, jumladan, farmatsevtika, charm-poyabzal, toʻqimachilik sanoatida ishlab chiqarish va eksport surʼati sekinlashgan.
Yigʻilishda qayd etilganidek, sohada yangi imkoniyat va zaxiralarni aniqlash uchun hududlarga ishchi guruhlar yuborilgan. Misol uchun, Toshloq tumanida 23 ta korxona quvvatlarini tiklash va 22 ta yangi loyihani tezlashtirish hisobiga yil yakunigacha qoʻshimcha 1 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish mumkinligi aniqlangan.
Yana bir imkoniyat – tumanlarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirib, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish.
Masalan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mahalliy sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani yoʻlga qoʻyib, polimer, quyma ehtiyot qismlar, kimyoviy reagent kabi 1 trillion soʻmlik mahsulotlar olmoqda. Xuddi shunday imkoniyatlar Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Xorazmda ham bor.
Ishlab chiqarish barqarorligidagi asosiy masalalardan biri – energiya taʼminoti. Shu bois Bosh vazir rahbarligidagi komissiyaga qoʻshimcha ishlab chiqarishni hisobga olgan holda, hududlarning oyma-oy energiya balansini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Sanoat korxonalarini oldindan xabardor qilmasdan turib, elektr taʼminotidan uzish mumkin emasligi qatʼiy koʻrsatib oʻtildi.
Yil yakunigacha 232 ta mahalliy sanoat korxonasida mahsulot hajmini oshirish, 210 ta yirik sanoat loyihasini toʻliq ishga tushirish zarurligi qayd etildi. Sanoat jamgʻarmasidan samarali foydalanish, zarar koʻrib ishlayotgan sanoat korxonalarini sogʻlomlashtirish, eksportchilarga transport jihatidan koʻmaklashish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda tarmoq rahbarlari va viloyat hokimlari yil yakunigacha moʻljallangan ishlab chiqarish va eksport koʻrsatkichlari, sanoat korxonalarini kuz-qish mavsumida energiya resurslari bilan taʼminlash choralari boʻyicha axborot berdi.