Sanoat uchun muhim minerallar boʻyicha axborot berildi

0
12
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 mart kuni sanoat uchun muhim minerallar xomashyo bazasini kengaytirish va qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Yurtimiz hududida volfram, molibden, magniy, litiy, germaniy, grafit, vanadiy va titan kabi 30 dan ortiq sanoat uchun muhim minerallar mavjud. Lekin ilgari bu imkoniyat toʻla yuzaga chiqarilmagan. Qazilmalarni qidirish, texnogen chiqindilarni qayta ishlab, foydali moddalarni ajratib olish va ulardan mahsulot tayyorlashga investitsiya kiritilmagan edi.

Soʻnggi yillarda tashkiliy asos yaratilib, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar olish boʻyicha ishlar boshlandi. Taqdimotda togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri bu yoʻnalishdagi imkoniyatlar haqida axborot berdi.

Kelgusi uch yilda 28 ta noyob mineral boʻyicha 2,6 milliard dollarlik 76 ta loyihani amalga oshirish moʻljallanmoqda. Buning uchun xomashyo bazasini kengaytirish maqsadida geologiya-qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlariga qoʻshimcha mablagʻ ajratish koʻzda tutilmoqda.

Eng asosiy vazifa – zamonaviy texnologiyalarni qoʻllab, qimmat xomashyoni rudadan ajratib olish, sofligini oshirish va yuqori qiymatli mahsulotlar yaratish ekani koʻrsatib oʻtildi. Masalan, “Ingichka” konidagi volfram konsentrati boyitilsa, qoʻshilgan qiymat 2 karra oshadi. Hozircha shu kabi 18 ta loyiha ishlab chiqilgan.

Sohada “xomashyo – qayta ishlash – ilm va texnologiya – tayyor mahsulot” zanjirini kengaytirish maqsadida molibden va volframga boy Toshkent va Samarqand viloyatlarida texnoparklar tashkil qilish taklifi bildirildi.

Davlatimiz rahbari bu borada sanoat tajribalari va texnologiya transferini amalga oshirish, zamonaviy laboratoriya va oʻquv markazlari ochish boʻyicha topshiriqlar berdi. Umuman, “toʻrtinchi sanoat inqilobi” davrida munosib oʻringa ega boʻlish uchun mustahkam zamin yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.