Sanoat va energetika majmualari qurilishi boshlandi

0
50
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Prezidentining Jizzax viloyatiga tashrifi chogʻida sanoat va energetika loyihalarining boshlanishiga bagʻishlangan marosim boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari soʻzining boshida barchani yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bilan tabriklab, xalqimiz manfaati yoʻlidagi harakatlarga xayr-baraka tiladi. 

Maʼlumki, sanoat rivoji barqaror energetikaga bogʻliq. Shu bois bu ikki soha mutanosib rivojlantirilmoqda. Birgina 2023 yilda mamlakatimizda 4 ming 600 ta sanoat korxonalari ishga tushirildi. Sanoat 6 foizga oʻsib, 656 trillion soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarildi.

Umumiy quvvati 2,4 gigavatt boʻlgan 7 ta yirik issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini tarmoqqa ulandi. Bundan tashqari, 14 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobiga 12 gigavattli 31 ta elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Bu yil Navoiy, Buxoro, Namangan, Toshkent va Qashqadaryoda 2,6 gigavatt quvvatlar tarmoqqa ulanadi. Umuman olganda, muqobil energetikani rivojlantirish hisobiga joriy yilda “yashil” energiyaning generatsiyadagi ulushi 30 foizga yetadi.

– Biz bu ishlarni xalqimizga munosib turmush sharoiti hamda sanoatimiz rivoji uchun uzluksiz energiya taʼminotini yaratish maqsadida amalga oshirayapmiz. Bu hamma hududlarda yaxshi anʼanaga aylanib ulgurdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Jizzax viloyatida ham bunday loyihalar koʻp. Ulardan biri – Gʻallaorol tumanida barpo etiladigan, metallurgiyaga ixtisoslashgan sanoat zonasi. U yerda 500 million dollarlik 7 ta loyiha amalga oshiriladi. Jumladan, armatura, poʻlat sharlar, quvurlar, avtomobil kuzovi va maxsus texnikalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Hududda bojxona ombori ham boʻladi. Jami 5 mingta ish oʻrni yaratiladi.

Ikkinchi loyiha – Forish tumanida Xitoyning “China Poly Group” va “China Electric” kompaniyalari bilan hamkorlikda quriladigan quyosh elektr stansiyasi.  350 million dollarlik ushbu majmua 500 megavatt quvvatga ega boʻladi. Unda yiliga 1,1 milliard kilovatt soat “yashil” energiya hosil qilinadi. Bu 450 ming xonadonning energiya taʼminoti yaxshilanadi, degani. Stansiyaning dastlabki 200 megavatt quvvat shu yil yakunida tarmoqqa ulanadi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur ikki majmua qurilishini boshlab berdi. 

Yaqin yillarda Sharof Rashidov, Forish va Gʻallaorol tumanlarida yana 1 ming 660 megavattli issiqlik, shamol va quyosh elektr stansiyalari ham quriladi. Bular aholi turmush darajasini oshirib, iqtisodiyot rivojiga qoʻshimcha turtki boʻladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.