Sanoat zonalarini rivojlantirish choralari muhokama qilindi

0
135
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 may kuni hududlarda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari tashkil qilish, ularni zarur infratuzilma bilan taʼminlash chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Maʼlumki, bunday majmualar yaxlit joylashuv, qulay kommunikatsiya evaziga sanoat rivojiga katta turtki boʻladi. Oʻtgan besh yilda yurtimizda qoʻshimcha 19 ta erkin iqtisodiy zona va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etilib, mingdan ortiq loyiha amalga oshirildi. Natijada 100 mingta ish oʻrni yaratilib, yiliga 45 trillion soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, sanoat zonalaridagi korxonalar yiliga 750 million dollarlik eksport va 1 trillion soʻmdan ziyod soliq tushumlarini taʼminlamoqda.

Yana bir muhim jihati, har bir tumanga, olis va chekka hududlarga sanoat kirib bormoqda. Xususan, ilgari sanoat umuman boʻlmagan 11 ta tumanda 205 ta yangi korxona ish boshladi.

Aslida, salohiyat, marralar bundan-da yuqori. Lekin ularni hayotga tatbiq etishda sustkashlik holatlari koʻp. Ayrim kichik sanoat zonalarining bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagani, yana baʼzilari infratuzilma bilan toʻliq taʼminlanmagani sababli tayyor loyihalar boshlanmasdan turibdi.

Bundan tashqari, sanoat zonalarida ish boshlash uchun besh bosqichli jarayondan oʻtib, oʻndan ortiq hujjatlar yigʻish kerakligi tadbirkorlarga qiyinchilik tugʻdirmoqda.

Prezidentimiz bu masalalarni hal etish sanoatni rivojlantirish va ish oʻrinlarini koʻpaytirishda muhim ekanini taʼkidladi. 

– Bozor iqtisodiyotida har bir tumanga, har bir mahallaga investitsiya kirib borishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari. – Joriy yilning oʻzida 2 mingta loyihani amalga oshirish, 110 mingta yangi ish oʻrni ochish va 1 milliard dollar qoʻshimcha eksport qilish mumkin. Bugungi muhokamamiz zamirida shu maqsad yotibdi.

Yigʻilishda sanoat zonalarida boʻsh turgan 6 ming 600 gektar maydonni elektr energiyasi, suv, yoʻl va boshqa sharoitlar bilan taʼminlash choralari muhokama qilindi. Buning uchun 1 trillion 500 milliard soʻm yoki 2021 yilga nisbatan 2 baravar koʻp mablagʻ ajratilishi belgilandi.

Hududlarda tekstil-boʻyoq va terini qayta ishlash boʻyicha koʻplab yangi loyihalar tayyorlangan. Buning uchun markazlashgan tozalash inshootlari zarur. Shu bois bunday korxonalar uchun tanlangan joylarda zamonaviy tozalash inshootlari qurish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Maʼlumki, 200 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan loyihalar infratuzilmasi uchun xarajatlarni davlat tomonidan moliyalashtirish joriy qilingan. Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Fargʻona va Toshkent viloyati tadbirkorlari bu imkoniyatdan foydalanib, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha 630 million dollarlik loyihalar tashabbusi bilan chiqqan.

Shunday loyihalar uchun joriy yilda hududlarga 170 milliard soʻm ajratilishi qayd etildi. Viloyat hokimlari boshqa hududlarga borib,  bir-birining tajribasini oʻrganishi muhimligi taʼkidlandi.

Samarqandda 300 gektar maydonda yangi maxsus sanoat zonasi tashkil etilishi aytilar ekan, u yerda biznes uchun qulay sharoitlar yaratish, import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan loyihalarni shakllantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari sanoat zonalarida ish boshlashdagi byurokratiyaga alohida toʻxtalib oʻtdi. Bu boradagi tartibni soddalashtirish choralari belgilandi. Unga koʻra, erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshiriladigan loyihalarni ekspertiza qilish vakolati Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga oʻtkaziladi. Importda imtiyozlarni qoʻllash uchun Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazining xulosasini olish tartibi bekor qilinadi.

Shu paytgacha sanoat zonalaridagi yerlar auksionga hokimlik tomonidan qoʻyilar edi. Endi investitsiya majburiyatlari belgilanib, mazkur zonalarning direksiyalari tomonidan chiqariladi. Shuningdek, investitsiya majburiyatlari toʻliq bajarilganidan keyin, auksion orqali olingan obyektlarni xususiylashtirishga ruxsat beriladi.

Bularning hisobiga sanoat zonalariga loyihalarni joylashtirish jarayonidagi bosqichlar soni kamayib, bunga ketadigan vaqt 3 oydan 1 oygacha qisqaradi.

Prezidentimiz kichik sanoat zonalarida uzoq yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlarning yer va bino-inshootlari bilan bogʻliq masalalarini hal qilish boʻyicha ham topshiriq berdi.

Mahsulotlarning eksportbopligini, xalqaro standart va isteʼmolchi talablariga mosligini taʼminlash uchun ayrim sanoat zonalarini xorijiy kompaniyalarga boshqaruvga berish, ulardan investorlarni jalb qilish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan hokimlar hisobot berdi, tadbirkorlar takliflarini bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.