Yomgʻir yogʻib, kuchli shamol boʻlgani sababli 1 may kuni ertalab Sardoba suv ombori toʻgʻonining bir qismi oʻpirilganligi oqibatida suv oqimi aholi punktlari, kommunikatsiya tarmoqlari va qishloq xoʻjaligi maydonlariga katta zarar yetkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatida yuz bergan favqulodda vaziyat sababli zudlik bilan Sardoba tumaniga yetib keldi.
Hukumat komissiyasi tashkil etilib, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish, aholini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish va ularga har tomonlama yordam berish boʻyicha barcha chora-tadbirlar koʻrildi.
Prezidentimiz Oqoltin tumanida aholi bilan uchrashib, ofatdan jabrlangan har bir inson alohida eʼtiborga olinishi, hamma uy-joy va oziq-ovqat bilan taʼminlanishini taʼkidladi.
– Bu hech kim kutmagan sinov. Birinchi harakatimiz odamlarni ehtiyot joylarga koʻchirish boʻldi. Eng katta masala – oʻlim boʻlmasligi. Oqsoqollar, mahalla raislari va nozirlaridan iltimos qilaman: odamlarni yigʻib, uylarga, palatkalarga joylashtirib, oziq-ovqat bilan taʼminlab, mahallama-mahalla saranjom qilib olishimiz kerak. Buning uchun hamma kuch va vositalarni safarbar qilamiz. Sharoit yaxshi boʻlmaguncha bironta rahbar ketmaydi. Sabr qilib, ogʻirlikni yelkamizga olib, chidashimiz kerak. Bironta xonadon, bironta odam eʼtiborsiz qolmaydi
Tezkor chora-tadbirlarga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, mahalliy hokimliklar, qurilish-taʼmirlash tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari va boshqa xizmatlar mutaxassislari safarbar etildi. Suv ombori yaqinidagi mahallalar aholisi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi. Jumladan, tumanlarda tashkil etilgan maxsus shtablar tomonidan maktab, kollej, korxona va xonadonlarga joylashtirildi.
Shuningdek, Mudofaa vazirligi shaxsiy tarkibi va maxsus texnikalari aholini evakuatsiya qilish va tegishli xoʻjalik obyektlarini jihozlash uchun safarbar qilindi. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaning Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududiy boshqarmalari evakuatsiyaga koʻmaklashish, tartibni saqlash ishlariga jalb etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv ombori toʻgʻoni ochilgan joyga borib, uni koʻzdan kechirdi. Hukumat komissiyasi va mutaxassislar bilan muhokama qilgan holda suv oqimini toʻxtatish uchun zarur kuch va vositalar jalb qilindi.
Hozirda toʻgʻondan suv chiqishi toʻxtagan. Toshgan suv oqimi Oqoltin tumanidan oʻtuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy koʻliga yoʻnaltirilgan.
Prezident suv oqimi natijasida zarar koʻrgan mahallalarni koʻzdan kechirdi. Davlatimiz rahbari suv toshqiniga birinchi boʻlib duch kelgan Sardoba tumanidagi Navoiy mahallasini borib koʻrdi.
Hukumat komissiyasi mutasaddilari amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.
Prezidentimiz mahalla boʻylab yurib, yuzaga kelgan ahvol bilan yaqindan tanishdi. Hududni puxta tozalab, dezinfeksiya qilish, qatʼiy sanitar-epidemiologik nazoratni taʼminlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tez fursatlarda, lekin sifatli tiklash boʻyicha topshiriqlar berdi.
Shavkat Mirziyoyev suv chekinganidan keyin oʻz mahallasiga qaytgan odamlar bilan muloqotda boʻlib, talafot koʻrgan joylarda turmush sharoitlari tez kunlarda tiklanishi, aholiga har tomonlama koʻmak berilishini taʼkidladi.
– Shunday ogʻir paytda hammamiz sizlarning yoningizdamiz. Avvalo, har bir mahallaga kirib, oʻt oʻchirish mashinalari yordamida suvni qochiramiz. Qurilish, taʼmirlash va yangi uylar barpo etish boʻyicha xalq bilan maslahatlashib ish tutamiz. Hammasini sekin-sekin joyiga qoʻyamiz. Fermerlarning masalasi ham dalasiga chiqqan holda hal etiladi. Eng muhimi, oʻzlaringiz sogʻ-salomat, bolalaringiz yoningizda ekan. Koʻngilni toʻq qilinglar. Xudoga iltijo qilamizki, bizga madadkor boʻlsin, oxirgi koʻrganimiz shu boʻlsin, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari Oqoltin tumanidagi Shodlik mahallasi va Mirzaobod tumanidagi Haqiqat mahallasi tutash hududda ham boʻldi.
Davlatimiz rahbari raisligida Guliston shahrida mutasaddi rahbarlar, huquq-tartibot idoralari masʼullari, jamoatchilik vakillari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.
Tadbirda Sardoba suv ombori toʻgʻonining kutilmaganda ochilishi va uning oqibatlari atroflicha tahlil qilindi, tegishli xulosalar chiqarildi.
Aholi salomatligini saqlash, talafot koʻrganlarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish, ijtimoiy obyektlar va qishloq xoʻjaligi maydonlarini tezroq tiklash boʻyicha dolzarb masalalar muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sardobadagi favqulodda hodisa sababli Guliston shahriga evakuatsiya qilingan odamlar bilan muloqot qilib, ulardan koʻngil soʻradi. Hech kim eʼtibordan chetda qolmasligi, hammaga gʻamxoʻrlik koʻrsatilishini taʼkidladi.
Hukumat komissiyasiga berilgan koʻrsatmalar asosida suv bosgan hududlarni tozalash, qurilish va taʼmirlash, turmush maromini yoʻlga qoʻyish boʻyicha uzluksiz ish davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari 2 may tunda Toshkentga qaytib keldi.