Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi

0
108
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Unda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, turizm, madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

– Qadimiy buyuk Ipak yoʻlida joylashgan Oʻzbekiston va Pokiston xalqlarini azaldan umumiy tarix, oʻxshash til va boy maʼnaviy meros bogʻlab turadi. Biz bugun bu koʻhna anʼanalarni qayta tiklayapmiz. Davlatlararo munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganidan mamnunmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari yaqin istiqbolda oʻzaro savdo hajmini 500 million dollar, kelgusida esa 1 milliard dollarga chiqarish imkoniyati borligini taʼkidlab, bu boradagi muhim yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi.

Avvalo, sanoat sohalarida kooperatsiya dasturini, savdo aylanmasi tarkibini kengaytirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Ikkinchi muhim yoʻnalish – mamlakatlarimiz va mintaqalarimiz oʻrtasida multimodal transport, yuk va havo tashuvlari boʻyicha hamkorlikni kuchaytirish. Yaqinda Tranzit va savdo bitimi kuchga kirdi, muntazam yuk tashuvlari uchun asos yaratildi.

Prezidentimiz transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish muhimligini yana bir bor taʼkidladi. 

– “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yoʻli bizning umumiy kelajagimizdir. Bu yoʻl bitsa, Pokistonni Markaziy Osiyo bilan bogʻlaydigan, Oʻzbekistonni Karachi, Gvadar va Qosim portlariga olib chiqadigan eng yaqin, arzon va xavfsiz yoʻlakni yaratamiz. Bu temir yoʻl mintaqalarimiz qiyofasini butunlay oʻzgartirib yuboradi, – deya taʼkidladi Oʻzbekiston rahbari.

Muzokarada ushbu loyihani yanada ilgari surish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Doimiy aviaqatnovlarni qayta tiklash istiqbollari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat hududlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar  ham rivojlanmoqda. Jumladan, Namangan viloyati va Panjob muzofoti ishbilarmonlari koʻplab loyihalarni amalga oshirmoqda. Kelgusida Surxondaryo viloyati bilan Xayber-Paxtunxva provinsiyasi va boshqa hududlarda ham ana shunday samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

Ziyorat turizmi – yana bir muhim yoʻnalish. Pokistonda naqshbandiya tariqatining millionlab vakillari, ulugʻ allomalarimizning ixlosmandlari bor. Qadimiy obida va ziyoratgohlar, Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar merosi ikki xalq uchun ham qadrli.

Prezidentimiz ziyoratlarni tizimli tashkil etish maqsadida qoʻshma guruh tuzish, ikki mamlakat Turizm vazirliklarining vakolatxonalarini ochishni taklif qildi.  

Uchrashuvda ilm-fan, ekologiya, oliy taʼlim, sanʼat, kino, sport sohalaridagi aloqalarga ham eʼtibor qaratildi.

Hukumatlararo komissiya hamraislari, vazirlar erishilgan kelishuv va kelgusidagi rejalar haqida axborot berdi. Shavkat Mirziyoyev va Imron Xon ularning takliflarini qoʻllab-quvvatlab, tegishli koʻrsatmalar berdi. 

– Oʻylaymanki, bugungi ochiq va sermahsul muloqotlarimiz, imzolanadigan hujjatlar strategik sherikligimizning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini ochadi. Eng asosiysi, biz – ikki birodar bir-birimizni yaxshi tushunamiz. Biz qoʻygan katta marralarga erishish uchun Hukumatlarimiz doimiy muloqotda boʻlishlari zarur, – dedi Prezidentimiz.

Muzokaralar mamlakatlarimizda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha katta xohish-iroda va intilish borligini yana bir bor tasdiqladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.