Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari pandemiya sharoitiga qaramay Vengriyadan shunday katta delegatsiya kelgani oʻzaro doʻstlik va hurmat mustahkam ekanidan dalolat berishini taʼkidladi.
Oʻzbek va vengr xalqlarini mushtarak tarixiy ildizlar, yaqin hamkorlik rishtalari birlashtirib keladi. Bugungi kunda esa Vengriya Oʻzbekistonning Yevropadagi muhim sheriklaridan biri hisoblanadi. Birgalikdagi intilish va amaliy ishlar natijasida bu sheriklik yildan yilga mustahkamlanib bormoqda.
Soʻnggi toʻrt yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro savdo aylanmasi hajmi salkam uch barobarga oʻsgan. Murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, oʻtgan yili ham bu ijobiy dinamika saqlab qolingan.
Ishbilarmonlar va hududlar oʻrtasida yaqin aloqalar yoʻlga qoʻyilgani bunda muhim omil boʻlmoqda. Xususan, shu yil fevral oyida Budapeshtda iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi va biznes-forum oʻtkazilgan edi. Kecha Toshkentda ikki mamlakat Ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi.
Muzokarada ikki tomonlama hamkorlik bobida hali ishga solinmagan juda katta imkoniyatlar borligi taʼkidlandi. Shu bois asosiy eʼtibor savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish masalalariga qaratildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlashni koʻpaytirish, savdo hajmi muvozanatini tenglashtirish, zarur mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish muhimligini taʼkidladi.
Bu borada Budapeshtda tashkil etilayotgan Oʻzbekiston-Vengriya savdo uyi imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.
Sanoat kooperatsiyasi – hamkorlikning yana bir ustuvor yoʻnalishidir. Vengriyaning ilgʻor tajribasi asosida Oʻzbekistonda oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, kimyo va mashinasozlik sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Hududlar oʻrtasidagi aloqalar ham rivojlanmoqda. Samarqand va Jizzax viloyatlarida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni modernizatsiya qilish, jumladan, qishloq xoʻjaligini sanoatlashtirish, eksport salohiyatini oshirish borasida Vengriya tajribasini tatbiq etish moʻljallanmoqda. Shu maqsadda Vengriyadan yuqori malakali ekspertlar guruhi Oʻzbekistonga keldi.
Davlatimiz rahbari ikki mamlakat hududlari oʻrtasida sheriklik aloqalarini oʻrnatish, har yili Mintaqalar forumini oʻtkazish taklifini bildirdi.
Vengriya qishloq xoʻjaligi, mevalarni saqlash va qayta ishlash, baliqchilik hamda urugʻchilik sohalaridagi ilgʻor tajriba va texnologiyalar bilan almashishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham katta eʼtibor qaratildi.
Mamlakatlarimiz sogʻliqni saqlash, ilm-fan va taʼlim boʻyicha tajriba almashib kelmoqda. Joriy oʻquv yilida oʻzbekistonlik talabalar uchun Vengriyadagi oliy oʻquv yurtlarida 100 dan ortiq grant ajratilgan. Joriy yilda Toshkentda Debretsen universiteti ish boshlaydi.
Bu sohalardagi ishlarni izchil davom ettirish, ilm-fan va madaniyat muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga kelishib olindi.
Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida ham bir-birini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Mutasaddilarga muzokaralarda erishilgan kelishuvlar ijrosini toʻliq taʼminlash uchun “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatma berildi.