Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 yanvar kuni savdo va xizmatlarni rivojlantirish, turizm va madaniyat maskanlarini barpo etishga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu haqda oʻtgan yili 18 dekabrda boʻlgan videoselektor yigʻilishida topshiriqlar berilgan edi. Xususan, mamlakatimizda turizm salohiyati katta ekani, uni samarali ishga solib, turizm maskanlari va mehmon oʻrinlarini koʻpaytirish lozimligi taʼkidlangandi.
Taqdimotda shunga muvofiq tayyorlangan loyihalar koʻrib chiqildi.
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Toshkent viloyatining Parkent tumani togʻlari juda xushmanzara. Ayniqsa, bahor-yoz mavsumida sayyohlar bilan gavjum. Bu boradagi sharoitlarni kengaytirish maqsadida Shahrisabzdagi Miraki, Parkentning Nurobod va Kumushkon hududlarida zamonaviy dam olish maskanlarini barpo etish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, Qashqadaryodagi Maydanak togʻ maskanida yengil konstruksiyali xostellar qurish, mavjud binolarni savdo va xizmatlarga qayta ixtisoslashtirish, hududni obodonlashtirish moʻljallangan.
Turistlar boradigan joylardan biri bu – bozor. Lekin bugungi kunda ayrim bozorlarimiz turistlar uchun jozibador emas, ularda milliy kolorit yetishmaydi.
Shu bois davlatimiz rahbari milliy madaniyatimizni aks ettirgan bozor majmualari loyihasini ishlab chiqish vazifasini qoʻygan edi. Taqdimotda tarixiy shaharlarimizdagi bozorlarni turistlar uchun jozibador maskanlarga aylantirish boʻyicha dastlabki loyihalar namoyish qilindi.
– Bozorlarimizning oʻziga xos jihatlarini saqlab qolgan holda ularni yurtimizning “tashrif qogʻozi”ga aylantirish kerak. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, zargarlik doʻkonlari, oshxonalar, koʻngilochar maskanlar hamohang boʻlishi, xaridorlar va turistlarni oʻziga jalb qilishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu borada Turkiya va arab mamlakatlari tajribasini oʻrganish, loyihalashtirishga xorijiy mutaxassislarni taklif etish muhimligi aytib oʻtildi.
Taqdimotda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi turizm markazlarida qurilishi rejalashtirilayotgan bozorlar haqida ham axborot berildi. Davlatimiz rahbari ularda ham hududiy koloritni aks ettirish, turistlar uchun kengroq sharoit yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Prezidentimiz Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining majlisida Toshkent davlat sirki faoliyatini yaxshilash masalasiga toʻxtalib oʻtgan edi. Bugungi taqdimotda ushbu madaniyat dargohini taʼmirlash, soha uchun kadrlar tayyorlashda taʼlim va amaliyotni uygʻunlashtirish maqsadida 300 oʻrinli oʻquv binosini barpo etish rejalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari loyihalarni takomillashtirish va sifatli qurish yuzasidan qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.