Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi boʻyicha siyosiy partiyalarning va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotiga qachon start berildi va u eʼlon qilinadimi, degan savollar tez-tez beriladi.
Eslatib oʻtamiz, Saylov kodeksining 44-moddasiga muvofiq, saylovoldi tashviqoti nomzodlarni roʻyxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan eʼtiboran boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqotga yoʻl qoʻyilmaydi.
Markaziy saylov komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 14-moddasiga muvofiq va hujjatlarni tekshirish yakunlariga koʻra, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tomonidan koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni roʻyxatga olish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Markaziy saylov komissiyasi maʼlumotiga koʻra, har bir partiyadan 150 nafardan roʻyxatga olingan jami 750 nomzodning barchasi oliy maʼlumotli. Shulardan 310 nafari yoki 41,3 foizi xotin-qizlardir. Bu 2014 yilning dekabrida oʻtgan parlament saylovlaridagidan qariyb 10 foiz (31,8) koʻpdir. Nomzodlar orasida huquqshunoslar — 6,9, iqtisodchilar – 19,1, shifokorlar – 12,4 fozini tashkil qiladi. Deputatlik mandati uchun bir akademik, 22 fan doktori va 52 fan nomzodi kurash olib boradi. Nomzodlar safida navqiron avlod vakillari ilgariga nisbatan sezilarli darajada koʻpaygan. 25-40 yoshlar orasidagilar – 32,2 foizni tashkil qiladi.
R. ZARIPOVA tayyorladi.