Fargʻona shahridagi Matbuot uyida ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa, axborot-kutubxona va kitob savdosi bilan shugʻullanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarning ayrim muammo va takliflarini oʻrganish yuzasidan 12 iyul kuni Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktorining birinchi oʻrinbosari S.Shukurov sayyor qabul oʻtkazdi.
Unda hududda bosma ommaviy axborot vositalarini tarqatish sohasidagi muammolar, noshirlik-matbaa mahsulotlarini tayyorlash, ishlab chiqarish, ularning savdosi va qogʻoz xomashyo bazasi bilan bogʻliq bir qator takliflar tinglandi.
Xususan, M.Sulaymonovning xususiy sektorga tegishli pochta-tarqatish tashkilotlarining huquqiy mexanizmini bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda takomillashtirish, Sh.Aslonovning viloyat Axborot-kutubxona markazi tashabbusi bilan yaratilgan bir necha elektron adabiyotlar – multimedia toʻplamlarini tarqatishga oid murojaatlari oʻrganib chiqildi.
Tadbirkorlar J.Tojiboyevning “Vodiy kitob fabrikasi”ni tashkil qilish boʻyicha innovatsion loyiha konsepsiyasini amalga oshirish, D.Abdullayevning kitob savdo doʻkoni uchun bino ajratish yuzasidan yordam berilishi taʼkidlandi.
A.Malikovning huquqiy targʻibot va profilaktika ishlarini yoritishda faollik koʻrsatayotgan “Qonun va ijro” gazetasi faoliyatini takomillashtirish yuzasidan murojaati hal qilinadigan boʻldi.
Fuqaro M.Akbarovaning viloyatdagi koʻzi ojiz bolalar kutubxonasini brayl yozuvidagi kitoblar va elektron adabiyotlar bilan toʻldirishda Agentlik koʻmagi zarurligi haqidagi murojaati alohida nazoratga olinishi belgilandi.
Manba: OʻzA