Senat Kengashi yangi tangalar namunalari va dizaynini maʼqulladi

0
80
marta koʻrilgan.

2018 yil 17 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yoʻldoshev olib bordi.
 
Kengash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn toʻrtinchi yalpi majlisini joriy yilning 29 mart kuni Toshkent shahrida chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
 
Senatning yalpi majlisi kun tartibiga Oʻzbekiston Respublikasining bir qator qonunlari hamda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini tubdan oshirishga, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturini izchil ijro etishga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan masalalar kiritilmoqda.
 
“Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri), “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”gi, “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri), “Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy-kommunal xizmati sohasi xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi, “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.
 
Bundan tashqari, yalpi majlisda senatorlar xalqaro huquqiy hujjatlarni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasining bir qancha qonunlarini koʻrib chiqadi.
 
Shuningdek, senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsman) 2017 yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni, Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017 yilda huquqiy targʻibot va maʼrifatning holati haqidagi axborotini eshitadi hamda toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi.
 
Yalpi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham koʻrib chiqiladi.
 
Oʻn toʻrtinchi yalpi majlisga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish yuzasidan Oliy Majlis Senati qoʻmitalari va devoni faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Kengash tomonidan ishchi guruh tuzildi.
 
Shu bilan bir qatorda, Kengash aʼzolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 50 (ellik), 100 (yuz), 200 (ikki yuz) va 500 (besh yuz) soʻmlik tangalar chiqarish toʻgʻrisidagi taklifi, ularning namunalari va dizayni koʻrib chiqildi va maʼqullandi.
 
Senat Kengashi oʻz vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni ham koʻrib chiqdi.

Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.