Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi qarorgohida 14-25 mart kunlari BMT Xotin-qizlar holati boʻyicha komissiyasining 66-sessiyasi boʻlib oʻtmoqda.
Unda BMTga aʼzo 180 dan ortiq davlatlarning vakillari anʼanaviy va onlayn shaklda ishtirok etmoqda.
Mazkur sessiyaning asosiy mavzusi iqlim oʻzgarishi, atrof muhit va talofatlar xavfini kamaytirishga qaratilgan siyosiy choralar va dasturlarni ilgari surishda xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish masalalari boʻldi.
BMT Xotin-qizlar holati boʻyicha komissiyasining 66-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva videomurojaati bilan ishtirok etdi.
Senat Raisi Oʻzbekiston konstruktiv muloqot uchun asosiy hukumatlararo forum va BMT doirasida gender masalalar boʻyicha asosiy muvofiqlashtiruvchi organ sifatida Komissiya faoliyatini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.
Shuningdek, mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutishi, bu davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligi, gender masalalarida erishilayotgan yutuq va natijalar alohida qayd etildi.
Jumladan, shu yilning yanvar oyida qabul qilingan 2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida xotin-qizlar masalasi, ularni kelgusida ham jamiyat hayotida faolligini oshirish va qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilanganligi taʼkidlab oʻtildi.
Shu bilan birga, mamlakatdagi islohotlar jarayonida ayollar ishtiroki va rolini yanada oshirish maqsadida 2022-2026 yillarga moʻljallangan Milliy dastur tasdiqlangani va uning maqsadlari 2022-2025 yillarga moʻljallangan “BMT-ayollar” strategik rejalarida nazarda tutilgan maqsadlarga toʻliq mos kelishi alohida taʼkidlandi.
Bundan tashqari, ekologiyadagi oʻzgarishlarga ham eʼtibor qaratildi. Jumladan, ushbu muammolarni hal etishda Oʻzbekiston tomonidan Prezident Sh.Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar va yangi tashabbuslar sessiya ishtirokchilariga yetkazildi.
Xususan, bu borada qayta tiklanuvchi energiyalardan foydalanish koʻlamini kengaytirish, “Yashil iqtisodiyot”ga oʻtish, Orolboʻyi mintaqasini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish, ularni amaliyotga joriy etishda xotin-qizlar rolini oshirish, ayol tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarga urgʻu berildi.
Shuningdek, dolzarb mavzu boʻyicha boshqa taklif va mulohazalar bildirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.