Mamlakatimizda ilmiy salohiyatni yuksaltirish va bu orqali olimlarimizning jahon ilm-faniga qoʻshayotgan hissasi tobora ortib bormoqda.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdiqulova Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS) aʼzosi etib saylandi. Olima bu yilgi saylovlarda MDH va Markaziy Osiyodan yagona vakil boʻldi. Oʻzbekiston tarixida bu nufuzli akademiyaga saylangan yettinchi akademik olim sifatida eʼtirof etildi, deyiladi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi maʼlumotida.
Boʻlib oʻtgan saylovda jami 74 nafar olim (50 nafar erkak va 24 nafar ayol) saylanib, TWAS akademiklarining umumiy soni 1444 nafarga yetdi. Butunjahon fanlar akademiyasi prezidenti, professor Quarraysha Abdul Karimning Shahlo Turdikulovani tabriklab, uni diplom topshirish marosimiga taklif qildi. Akademiklikka diplom topshirish marosimi 2025 yil boshida Italiyaning Triest shahridagi akademiya bosh qarorgohida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.
Eslatib oʻtamiz, Shahlo Turdiqulova COVID-19ga qarshi Oʻzbekiston-Xitoy vaksinasining hammuallifidir. U 2024 yil aprel oyida Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti etib tayinlangan olima tashkilotning 80 yillik tarixida ushbu lavozimni egallagan birinchi ayol boʻldi. U shuningdek, Ilgʻor texnologiyalar markazi qoshidagi inson genetikasi va biotexnologiyalari ilmiy maktabining asoschisi va rahbari ham hisoblanadi.
A.RUSTAMOV, OʻzA
gujum. uz cayti tahririyati Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdiqulovani tabriklaydi, omadlar tilaydi.