Shargʻunda 105,5 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda

0
207
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sariosiyo tumanidagi Shargʻun koʻmir konida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Davlatimiz rahbarining joriy yil 7 martdagi qaroriga muvofiq “Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv tizimi takomillashtirilib, koʻmir sanoatini barqaror rivojlantirishga yoʻnaltirilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Shargʻun koʻmiri sifatining yuqoriligi, zaxirasi koʻpligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Bugungi kunda bu yerda 2017-2020 yillarga moʻljallangan 105,5 million dollarlik loyiha amalga oshirilyapti. Xitoy bilan hamkorlikdagi ushbu loyiha natijasida 2021 yildan boshlab bir yilda 900 ming tonna toshkoʻmir qazib olinadi. 600 ta ish oʻrni yaratiladi. “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatining Angren va Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyalari, sement zavodlari, aholi va boshqa isteʼmolchilarga toshkoʻmir yetkazib berish koʻpayadi. 

Ayni paytda konning asosiy zaxirasi tomon tunnel qazib borilmoqda. Hozirgacha 2 kilometrdan ziyod shunday yoʻl qurildi. Yana 1,5 kilometrdan soʻng, 33 million tonnalik asosiy koʻmir zaxirasiga yetib boriladi.  

Davlatimiz rahbariga Surxondaryo viloyatida toshkoʻmir qazib chiqarishni rivojlatirishning asosiy yoʻnalishlari haqida maʼlumot berildi. 

— Bunday sifatli koʻmir hech qayerda yoʻq. Aql, ilm bilan undan samarali foydalanib, xalqimiz manfaati uchun ishlatishimiz kerak, — dedi davlatimiz rahbari.

Shu yerning oʻzida “Shargʻunkoʻmir” aksiyadorlik jamiyatini moderizatsiya qilish, Boysun va Sherobod tumanlaridagi konlarda koʻmir qazib chiqarishni tashkil etish, Sariosiyo tumani va Shargʻun shaharchasini 2019-2020 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalari taqdimoti ham oʻtkazildi. 

Shavkat Mirziyoyev konchilikni yanada rivojlantirish, buning uchun sohaga oid zamonaviy texnologiyalarni yaxshi biladigan mutaxassislar tayyorlash zarurligini taʼkidladi. Shargʻun shaharchasini yangidan qurish,  tadbirkorlik va chorvachilikni rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.