Sharof Rashidov tumanida “Yangi Oʻzbekiston” massivi qad koʻtarmoqda

0
28
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida qurilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Viloyatda ilgari hech bunday keng koʻlamli qurilishlar boʻlmagan edi. Soʻnggi yillarda oʻnlab zavodlar ishga tushirildi, yangi sanoat tarmoqlari paydo boʻldi. Shunga yarasha ijtimoiy infratuzilma ham barpo etilmoqda.

Sharof Rashidov tumanining bu hududi adir yonbagʻri, undan deyarli foydalanilmas edi. Hozir 140 gektarli ulkan maydonda jadal qurilish ketmoqda. Loyiha uch bosqichli boʻlib, 3 ming 936 xonadonli 105 ta koʻp qavatli uy barpo etilishi rejalashtirilgan. Uylar 9, 12 va 16 qavatli boʻlib, bu ham Jizzax sharoitida yangilik.

Ayni paytda birinchi bosqich doirasida 204 xonadonli 4 ta koʻp qavatli uy, markaziy qozonxona, shourum va ichki yoʻllar qurilgan. Yana 16 ta turar joy, maktab va maktabgacha taʼlim muassasasi, savdo markazi bunyod etiladi. “Inno texno park” aholini ish bilan taʼminlashda qoʻl keladi.

Ikkinchi bosqich 2026, uchinchisi 2028 yillarga reja qilingan. Bunda uylardan tashqari mahalla markazi, poliklinika, masjid, mehmonxona, bolalar va sport oʻyingohlari, “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi barpo etiladi. Boʻsh maydonlarga ham daraxtlar ekilib, xiyobonga aylantiriladi.

Davlatimiz rahbari bu yil rejalashtirilganiga qoʻshimcha uylar qurib, imtiyozli ipoteka kreditlari orqali aholiga xarid imkoniyatini yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Shunga mutanosib ravishda infratuzilma tarmoqlari, maktab, bolalar bogʻchasi kabi ijtimoiy muassasalar qurilishini jadallashtirish, savdo va xizmatlarni, jumladan, yoʻl boʻyida umumiy ovqatlanish shoxobchalarini tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.

Jizzax viloyatida uchta shunday massiv barpo etilmoqda. Ularda 4 ming 700 xonadonga ega 156 ta koʻp qavatli uy quriladi. Aholi barcha ijtimoiy xizmatlar bilan taʼminlanadi. “Yangi Oʻzbekiston” massivlari qurish harakati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 dekabrdagi farmoniga muvofiq boshlangan. Umuman, mamlakatimizda 53 ta massivda bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda 14 ming 400 ta xonadonli 409 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Joriy yilda bunday massivlarda 31 ming 447 ta xonadondan iborat 767 ta turar joylar qurilishi belgilangan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.