Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining yangi binosi foydalanishga topshirildi, deya xabar beriladi Oʻzbekiston Respublikasi hukumat portalida
Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Oʻmon Sultonligining Meros va madaniyat vaziri Sayyid Haysam bin Tariq al-Saʼid hamda Vaqf va din ishlari vaziri Shayx Abdulla bin Muhammad bin Abdulla as-Salimiy ishtirok etdi. Ular institutda yaratilgan keng imkoniyatlar, muzey, ish xonalari, qoʻlyozmalar saqlanayotgan kutubxona, laboratoriya bilan tanishdi. Ish jarayonlarini kuzatdi.
Mehmonlar nodir manbalar, toshbosma kitoblar, miniatyuralar, xattotlik namunalari, tarixiy hujjatlar kolleksiyalarining eng yaxshi namunalari joy olgan koʻrgazmani koʻzdan kechirdilar.
Mazkur institut binosi 2009 yilda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning Oʻmon Sultonligiga tashrifi chogʻida ikki davlat oʻrtasidagi imzolangan bitimga binoan ushbu davlat ishtirokida bunyod etildi.
Bino uch qavatli. Kiraverishdagi ichki markaziy atriumning balandligi 16 metrni tashkil etadi. Markaziy zalga kirgan odam uning dizaynidan oʻrta asrlarning yirik namoyandalari – al-Xorazmiy, Mirzo Ulugʻbek, Abu Rayhon Beruniyni yodga oladi.
Institutdagi 26 ming qoʻlyozma va 40 mingga yaqin toshbosma toʻplamlari noyob manba hisoblanadi. Ularning «yoshi» asrlar bilan oʻlchanadi.
Yangi binoda “Yozma yodgorliklarni tadqiq etishning dolzarb vazifalari va zamonaviy uslublari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻldi. Turli davlatlardan kelgan olimlarning ilm-fan tarixi, buguni va istiqboliga oid maʼruzalari tinglandi.