Shavkat Mirziyoyev: Agar fidoyi hokim kelsa, odamlar darrov sezadi

0
157
marta koʻrilgan.

Qarshi shahrida xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib shunday dedi:

— Oʻtgan yili 11 oktyabrda boʻlgan saylovoldi uchrashuvida, sizlar bilan birga Qashqadaryoni kelgusi besh yilda rivojlantirish va aholi hayotini yaxshilash boʻyicha katta maqsadlarni qoʻygan edik.  Kecha Qashqadaryoni ertalabdan kechgacha aylanib, odamlarning koʻziga qarab, shu rejalarimizga odamlar ishonyaptimi, oʻzgarishlarni sezyaptimi, deb eʼtibor berdim. Bularni kim qiladi? Rahbar qiladi — fidoyi, xalqini sevadigan, elni birlashtiradigan rahbar. Agar fidoyi hokim kelsa, odamlar darrov sezadi.

Davlatimiz rahbari hozirgi tahlikali zamonda ichki imkoniyatlarga tayanish va ularni samarali ishga solish zarurligini taʼkidladi.

— Qayerga uddaburron rahbar qoʻyilgan boʻlsa, natija boʻlayapti. Qashqadaryoga, 3 yarim milliondan koʻp aholisi boʻlgan elga rahbar boʻlish oson emas. Bunday rahbar topish ham oson emas. Qashqadaryoning yeri boy, tuprogʻi unumdor, odamlari mehnatkash. Faqat ularni birlashtirib, yelkadosh boʻlib, halol ishlash kerak. Hokimni hokim qiladigan, uni ishini koʻrsatadigan shu xalq. Mahalliy deputatlar, nuroniylar, umuman, odamlar befarq boʻlmasa, Qashqadaryoning qadamlari tezlashadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Davlatimiz rahbari 2021 yil noyabr oyidan buyon Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Azimov Murotjon Berdialiyevich nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

M.Azimov 1976 yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tugʻilgan. Buxoro viloyati prokurori, Bosh prokuror oʻrinbosari va birinchi oʻrinbosari, Davlat bojxona qoʻmitasi raisi vazifalarida ishlagan.

Xalq deputatlari, mehnat faxriylari, xotin-qizlar, yoshlar soʻzga chiqib, nomzodni qoʻllab-quvvatladi. Ovozga qoʻyish natijalariga koʻra, Murotjon Azimov Qashqadaryo viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.