Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11 oktyabr kuni mahallalarni obod qilish va aholini oʻylantirayotgan masalalarni hal etish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ishlar, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar xalqni rozi qilishga qaratilgan. Davlatimiz rahbari har doim “islohotlar natijasini odamlar oʻz hayotida, mahallasida sezsin”, deb talab qoʻyadi.
Shu maqsadda joriy yilgi dasturlar doirasida 4 ming 100 ta mahallani obod qilish, bolalar bogʻchasi, maktab, sogʻliqni saqlash, suv, elektr, kanalizatsiya bilan bogʻliq muammolarini hal qilishga byudjetdan qariyb 29 trillion soʻm mablagʻ ajratildi.
Buning evaziga 434 ta mahallada ichki yoʻllar taʼmirlandi. 672 ta mahallaga ichimlik suvi tarmogʻi tortildi. 34 ta yangi maktab barpo etildi, 338 tasi rekonstruksiya qilinib, 360 tasi taʼmirlandi, ularda qoʻshimcha 78 ming nafar oʻquvchi taʼlim olishiga imkoniyat yaratildi. Shuningdek, 580 ta transformator, 20 ming kilometr tarmoqlar yangilanib, 413 ta mahalladagi 1,5 million aholining elektr taʼminoti yaxshilandi.
Yigʻilishda bunday ishlarni tizimli davom ettirib, mahallalardagi dolzarb masalalarni hal qilish choralari muhokama qilindi.
– Hech bir fuqaro oʻzining muammolari bilan yolgʻiz qolmasligi kerak. Aholi kayfiyati bu – islohotlarimiz va siyosatimizning koʻzgusi. Kattami-kichikmi, odamlar aytgan har bir muammoga oʻz vaqtida munosabat bildirish, ularni bosqichma-bosqich hal qilish barcha darajadagi rahbarlarning eng ustuvor vazifasi boʻlishi shart, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bugungi kunda yurtimizda 9 ming 370 ta mahalla bor. Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, ularning har biriga borilib, aholini qiynayotgan muammolar roʻyxati shakllantirilgan.
Xususan, yoʻl, ichimlik suvi, sugʻorish tizimi, elektr taʼminoti, taʼlim va tibbiyot bilan bogʻliq 12 mingta masala koʻtarilgan.
Yigʻilishda mazkur muammolar yechimini oʻz ichiga olgan aniq vazifalar belgilandi.
4 ming 979 ta mahallada rejalashtirilgan 5 ming 695 ta qurilish-taʼmirlash loyihalari uchun “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamgʻarmalariga 1 trillion 700 milliard soʻm yoʻnaltirilishi aytildi. Ehtiyojga qarab, yil yakuniga qadar yana 1 trillion soʻm ajratiladi.
Mahallalarda turmush sharoitlarini yaxshilashda “Tashabbusli byudjet” loyihasi ayni muddao boʻlmoqda. Joriy yil ikkinchi yarmida bu loyihada 9 ming 201 ta (98 foiz) mahalla ishtirok etdi. Ovoz berish yakunlariga koʻra, 1 ming 221 ta mahalladagi 1 ming 418 ta loyiha gʻolib deb topilib, ular uchun jami 1 trillion soʻm mablagʻ oʻtkazib berildi.
Prezidentimiz aholi talablarini qanoatlantirish va mahallalarni obod qilish maqsadida “Tashabbusli byudjet” loyihasini yanada kengaytirish taklifini bildirdi.
Shu bois, 342 ta mahalladagi 2 mingtadan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib boʻlmagan 364 ta loyiha uchun qoʻshimcha 335 milliard soʻm ajratiladigan boʻldi. Bundan tashqari, aholi salomatligi muhimligini inobatga olib, mahalla shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalarni jihozlashga kelgusi yilda qoʻshimcha 200 milliard soʻm ajratiladi.
Shu bilan birga, kelgusi yildan viloyat byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining 30 foizi ham “Tashabbusli byudjet” loyihalariga yoʻnaltirilishi aytildi. Bu – yana qoʻshimcha 1 trillion soʻm degani.
Umuman, kelgusi yildan boshlab, mahallalardagi infratuzilma uchun mablagʻlar faqatgina “Tashabbusli byudjet” orqali aholi istagan loyihalarga ajratilishi belgilandi.
– Kelgusi yil 1 yanvardan “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun mablagʻlar 3,5 baravarga oshirilib, 8 trillion soʻmga yetkaziladi. Shunda oʻgʻirlik boʻlmaydi, adolat boʻladi, odamlar oʻzlari hissa qoʻshgan loyihalarni, albatta, asrab-avaylaydi, – dedi davlatimiz rahbari.
Yana bir yangilik – har bir mahalla oʻzining muammosini mustaqil hal etishi uchun kelgusi yildan “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etiladi. Har bir viloyatning soliq undirilishi past boʻlgan bittadan tumanida, tajriba tariqasida, aholining mol-mulk va yer soligʻini undirish mahallaning oʻziga oʻtkaziladi. Bundan tushgan mablagʻ “Mahalla byudjeti”da qoladi.
Mutasaddilarga ushbu mablagʻlarni shakllantirish, sarflash va nazorat qilish tartibini ishlab chiqish topshirildi.
Yigʻilishda hududlarni koʻkalamzorlashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bu yil yakunigacha 75 million dona, kelgusi yil bahor oylarida yana 125 million dona mevali va manzarali koʻchatlar ekish vazifasi qoʻyildi. Oʻtgan yilgi tajribadan kelib chiqib, 20 oktyabrdan 1 dekabrgacha koʻchat ekish boʻyicha “dolzarb 40 kunlik” eʼlon qilindi.
– Daraxt havas bilan ekilishi, xalqimiz, mahallalarimizning madaniyatiga aylanishi lozim, – dedi Prezident.
Yigʻilish yakunida mutasaddilarning hisoboti va takliflari eshitildi.