Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 may kuni Fargʻona tumanidagi «Komiljon ota Mamajonov» fermer xoʻjaligi dalasida viloyat dehqonlari bilan suhbatlashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mirishkorlar bu mavsum yogʻingarchilik koʻp boʻlgani, shunga qaramay barcha ekinlardan yaxshi hosil kutilayotganini qayd etdi. Davlat xaridi uchun paxta va gʻalla narxlari keskin oshirilgani fermer va ishchilarning daromadini koʻpaytirib, mehnatga munosabatini oʻzgartirganini taʼkidlashdi.
— Hamma iqtisodiy sohalarda asosiy mezon — daromad, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Manfaatdorlik boʻlsa, ish, natija boʻladi. Bozor talabini oʻrganib, aql bilan ish tutilsa, daromad koʻpayadi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 14 martdagi «Meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xoʻjaligi kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori mahsulotlar yetishtirish va sifatli saqlash, qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, eksport barqarorligini taʼminlash uchun zamin yaratgani qayd etildi. Fargʻona viloyatida ham tomorqa yer egalari va fermerlar kooperatsiya tamoyili asosida birlashib, meva-sabzavotchilik klasterlariga aylanmoqda. Bozorbop mahsulotlar yigʻilib, qoʻshni mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
— Qishloq xoʻjaligida klaster tizimi yaxshi natija beradi. Chunki u oʻzi yetishtiradi, oʻzi qayta ishlaydi, oʻzi sotadi, odamlarni ish bilan taʼminlaydi. Yana bir muhim tomoni, tumanlarda ishbilarmonlik muhiti paydo qiladi. Katta daromad topayotganlarni koʻrib, boshqalarning ham dunyoqarashi oʻzgaradi, intiladi, ulardan oʻrganadi, — dedi Prezident.
«Komiljon ota Mamajonov» fermer xoʻjaligi ham gʻallachilik va sabzavotchilikka ixtisoslashgan. Shuningdek, 7 gektarda tokzor tashkil etilgan. Ekindan boʻshagan yerda mosh yetishtirish, 5 gektar limonariy tashkil etish rejalashtirilgan. Bugungi kunda gʻalla avjida oʻsmoqda.
Shu yerda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmoqlarida amalga oshiriladigan loyihalar, ishga tushirilishi rejalashtirilgan korxonalar haqida maʼlumot berildi.