Andijon shahrida aholi juda zich yashaydi.
Davlatimiz rahbari viloyatga avvalgi tashriflari chogʻida aholining maishiy sharoitlarini yaxshilash, koʻp qavatli uy-joylar barpo etish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Shunga muvofiq Andijon shahriga yaqin Xoʻjaobod tumani Xidirsha massividan 54 gektar yer ajratilib, ikki sotixli 220 ta uy, oilaviy poliklinika, bolalar bogʻchasi, mahalla guzari, madaniyat markazi, kutubxona, goʻzallik saloni, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, tikuvchilik korxonasi qurildi. Mahallaga «Mustaqillikning 27 yilligi» deb nom berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur mahallada amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Dilfuza Hojimatova xonadonida boʻlib, oilaning yashash sharoitlari, farzandlari tarbiyasi bilan qiziqdi.
Yangi mahallada Andijon shahridagi «Feruzbek teks» masʼuliyati cheklangan jamiyatining tikuv korxonasi tashkil etilgan. Bu yerda mahalladagi 500 nafar xotin-qiz ish bilan taʼminlangan.
Prezidentimiz korxonada tayyorlanayotgan kiyimlar namunalarini koʻzdan kechirdi, ishchi xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.
Shavkat Mirziyoyev mahalladagi «Kelajak bolajonlari» maktabgacha taʼlim muassasasini ham kirib koʻrdi. 165 bola qatnaydigan bogʻchada rus va ingliz tillari, tasviriy sanʼat, musiqa va sport, chevarlik toʻgaraklari tashkil etilgan. Moʻjazgina kompyuterlar bolalarni kichik yoshdan axborot texnologiyalariga qiziqtiradi.
“Mustaqillikning 27 yilligi” mahallasida ikkinchi bosqichda yana 612 ta ikki sotixli uy va 7 ta koʻp qavatli turar joy, 615 oʻrinli maktab, 160 oʻrinli bolalar bogʻchasi foydalanishga topshiriladi.
Shu yerda Andijon shahri Bosh rejasi asosida amalga oshiriladigan loyihalar, 2019-2020 yillarda 150 ta koʻp qavatli uy va taunxaus tipidagi kottejlar qurishga oid takliflar haqida maʼlumot berildi.
Prezidentimiz uylarni odamlarga maʼqul tarzda va kerakli miqdorda loyihalashtirish, binolar bilan birga kommunikatsiya tarmoqlari ham oʻtkazish zarurligini taʼkidladi. Uylarni energiya va ichimlik suvi bilan taʼminlaydigan innovatsion uskunalarni keng qoʻllash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Madaniyat markazida cholgʻisoz usta Abdumalik Madraimov davlatimiz rahbarining har bir uyda doʻmbira boʻlishi kerak, degan tashabbusiga muvofiq olib borayotgan ishlari haqida soʻzlab berdi.
Beshta tashabbus asosida viloyatda yoshlarning sanʼatga qiziqishini oshirish, sport bilan mashgʻul qilish, kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishga oʻrgatish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash masalalari boʻyicha koʻrsatmalar berildi.