Shavkat Mirziyoyev: Ayollarga bitta yaxshilik qilsak, oʻnta yaxshilik boʻlib qaytadi

0
186
marta koʻrilgan.

Xalqaro kongress markazida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ayollarni samimiy tabriklab, ularga yuksak ehtiromini bildirdi.

– Xalqimiz azal-azaldan Ona siymosini, Ayol zotini Yaratganning ulugʻ neʼmati, tengsiz moʻjizasi, deb biladi, uni hamisha ardoqlab-asrab yashaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Maʼlumki, har qanday jamiyat va davlatning qay darajada xalqparvar hamda adolatli ekani uning xotin-qizlarga boʻlgan munosabati va gʻamxoʻrligi bilan belgilanadi. Mamlakatimizda xalqni rozi qilish maqsadi yoʻlida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ularning oʻqishi, ishlashi, salomatligi, oilasi uchun sharoitlar yaxshilanmoqda.

Bu maqsadlar Taraqqiyot strategiyasining ham muhim yoʻnalishlaridan biri. Shunga muvofiq, 1 mart kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida xotin-qizlar uchun yanada keng imkoniyatlar belgilandi. Bu vazifalarni tizimli va samarali amalga oshirish maqsadida, Bosh vazir oʻrinbosari lavozimi qayta tiklandi hamda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tashkil etildi.

Respublikadagi 9,5 mingga yaqin mahalla raisining xotin-qizlar va oila boʻyicha oʻrinbosarlari ham qoʻmita tizimiga oʻtkazildi. Har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi yangidan joriy qilindi. Bu orqali, opa-singillarimizning muammolari, dardu tashvishlari bilan doimiy shugʻullanadigan adolatli va samarali tizim yaratildi.

2022-2026 yillarga moʻljallangan Xotin-qizlar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash milliy dasturi qabul qilinadi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan jamoatchilikka, avvalo, yoshlarga tarbiyaviy taʼsir koʻrsata oladigan, obroʻ-eʼtiborli ayollarni oʻz safida birlashtirgan “Oqila ayollar” harakati tashkil topmoqda. Shuningdek, barcha mehnat jamoalarida xotin-qizlarning muammolariga samarali yechim topish uchun “Ayollar kengashlari” tuzilmoqda.

Tadbirkor xotin-qizlarni yanada koʻpaytirish maqsadida “Bizneschi ayollar” dasturi qabul qilinib, uning doirasida 8 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Shuningdek, joriy yilda ipoteka kreditlari boʻyicha beriladigan subsidiyalarning 40 foizi xotin-qizlar uchun ajratiladi. Bu muhtoj ayollarni 12 mingta qulay uy-joy bilan taʼminlash imkoniyatini beradi.

Tariximizda ilgari boʻlmagan bunday keng koʻlamli ishlar ijrosi uchun 15 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.

– Xotin-qizlar va oila masalasi – bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan hal qiluvchi omildir. Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli, xonadonlarimiz farishtasi boʻlgan ayollarga bitta yaxshilik qilsak, hech shubhasiz, bu oʻnta yaxshilik boʻlib qaytadi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz xotin-qizlarga murojaat qilib, ularni buyuk ishlarga ruhlantirdi:

– Biz mamlakatimizni har tomonlama yuksaltirish uchun, yangi tarixiy davrga qadam qoʻydik. Farzandlarimiz qalbiga ulugʻ maqsadlar, olijanob gʻoyalarni singdirish – barcha Oʻzbekiston onalarining sharafli burchidir. Yuksak fazilatli, mard va jasur, vatanparvar yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish albatta sizlarga bogʻliq. Bu – yorugʻ kelajakka yoʻnaltirilgan eng katta investitsiya va bitmas-tuganmas boylikdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 5 martdagi farmoniga muvofiq bir guruh xotin-qizlar yuksak unvon, orden va medallar bilan, Prezident qaroriga binoan esa yigirma sakkiz nafar qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan mukofotlangan edi.

Bayram tadbirida ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

– Barchangizni yana bir bor bugungi bahor va nafosat, goʻzallik va latofat bayrami bilan samimiy tabriklayman. Sizlarga dunyodagi eng bebaho boylik – oilaviy baxt-saodat, tinchlik-xotirjamlik, farzandlar va nabiralar kamolini koʻrib yurish quvonchi hamisha yor boʻlishini tilayman. Qalbingiz doim bugungi bahordek yashnab tursin, — dedi Prezident.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan tashrif buyurgan xotin-qizlar, turli vazirlik va idoralar xodimlari fayzli dasturxon atrofida bayramni nishonladi. Tadbirda chet ellik diplomat ayollar, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ham ishtirok etdi.

Bayram tantanali konsert dasturi bilan davom etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.