Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 may kuni poytaxtimizdagi Xotira maydoniga tashrif buyurdi. Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qoʻyib, tinchlik uchun, avlodlar kelajagi uchun jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Motamsaro ona siymosida urushing barcha dardu tashvishlari, mudhish oqibatlari mujassam. Chunki el-yurt himoyachilarini voyaga yetkazgan ham, urushning azob-uqubatlarini eng koʻp tortgan ham mushtipar onalardir.
Shukurki, bugun mamlakatimiz tinch-osoyishta. Oʻgʻil-qizlar sogʻ-salomat, ota-onalarning koʻnglida halovat. 9 may – Xotira va Qadrlash kuni bizni shu osuda hayotning qadriga yetishga, barcha xalqlar bilan doʻst va hamkor boʻlib, yorugʻ kelajak bunyod etishga daʼvat qiladi.
Ushbu sana munosabati bilan turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari ham Motamsaro ona haykali poyiga gullar qoʻydi. Bu yerga kelgan yoshlar ota-bobolari, bugungi yorugʻ kunlar uchun fido boʻlgan insonlarni yod etib, tinchlik qadri va ahamiyati haqida xulosalar chiqardi.
Xotira va Qadrlash kuniga bagʻishlangan bayram tadbiri Toshkent botanika bogʻida boʻlib oʻtadi.