Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 iyul kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻldi.
Maʼlumki, shu kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha umumxalq muhokamasi davom etmoqda. Bu borada fuqarolarga oʻz fikri va xohish-irodasini erkin bildirish uchun barcha demokratik sharoitlar yaratilgan. Lekin ayrim gʻarazli kuchlar konstitutsiyaviy islohotlarga norozilik bahonasida tajovuzkorlik va zoʻravonlik yoʻlini tanlab, vaziyatni izdan chiqarmoqchi boʻldi. 2022 yil 1 iyul kuni Nukus shahrida bir guruh shaxslar soxta shiorlarni oʻziga niqob qilib olgan holda, fuqarolarning fikrini chalgʻitib, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga boʻysunmasdan, tartibsizliklar keltirib chiqardi, mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini egallab olishga urindi.
Jamoat tartibini saqlash haqidagi talablarga quloq solmasdan, ular 2 iyul kuni ham buzgʻunchilik ishlarini davom ettirgan. Bu yurish mobaynida Nukusdagi infratuzilma obyektlariga sezilarli zarar yetkazilgan. Binolarning oynalari sindirilib, yongʻinlar sodir etilgan. Bir nechta guruhlar qurol-yarogʻlarni qoʻlga kiritish maqsadida Nukus shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini egallashga uringan. Son jihatidan ustunlikdan foydalanib, huquq-tartibot organlari xodimlariga hujum qilgan, ularni ayovsiz kaltaklab, ogʻir tan jarohatlari yetkazgan.
Afsuski, buning oqibatida tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar ham boʻldi.
Shu bois davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq, fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida 2022 yil 3 iyuldan 2 avgustgacha favqulodda holat joriy etildi.
3 iyul kuni Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilish avvalida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududining komendanti favqulodda holat boʻyicha axborot berib, vaziyat toʻliq nazoratga olinganini taʼkidladi.
Videoselektor tarzida oʻtkazilgan yigʻilishda davlat rahbari barcha tumanlar mutasaddilari bilan muloqot qildi. Ular fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash boʻyicha joylarda koʻrilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi. Prezidentning kechagi murojaatidan keyin vaziyat barqarorlashgani, hayot oʻz maromiga qaytayotganini aytishdi.
Davlatimiz rahbari Nukus shahridagi Jeketerak mahallasida boʻlib, xalq bilan ham muloqot qildi.
Jeketeraklik yoshullilar kechagi koʻngilsiz voqealarda baʼzi yoshlar adashgani va qonunga zid harakatlar sodir etgani, tashqi gʻarazli kuchlar taʼsiriga tushib, his-hayajonga berilganini afsus bilan qayd etishdi. Oʻzbeklar va qoraqalpoqlar ikki tilli bir el ekanini, mamlakatimiz birligi va tinchligini qadriga yetish kerakligini taʼkidlashdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari, Vazirlar Kengashi rahbarlari va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi xalqimizning taklif va fikrlari asosida takomilga yetkazilishi yana bir taʼkidlandi. Hali bu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga qoʻyiladi va fuqarolar erkin ovoz berish yoʻli bilan oʻz xohish-irodasini bildiradi.
Bunday yondashuv “Xalq – Konstitutsiyaning birdan-bir manbai va muallifi”, degan prinsipga toʻla mos keladi. Faqat shundagina har bir vatandoshimiz “Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi – bu mening Konstitutsiyam”, deb gʻurur bilan ayta oladi.
Qoraqalpogʻiston aholisi tomonidan bildirilayotgan fikrlarni inobatga olib, Prezidentimiz Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda, oʻzgartirmasdan qoldirishni taklif etgan edi. Yaqin kunlarda bu masalani Oliy Majlis Qonunchilik palatasi koʻrib chiqadi.
Uchrashuvda deputatlar, ziyolilar soʻzga chiqib, keyingi yillarda Qoraqalpogʻistonni ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va innovatsion jihatdan rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar qilinayotganini aytishdi.
Oxirgi besh yilda hududning mahalliy byudjetiga qariyb 11 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Birgina 2020 yil yakuni boʻyicha Qoraqalpogʻistonda aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi daromad 3 barobarga oshgan.
Soʻnggi besh yilda qurilish ishlari hajmi 3,5 marta oʻsgan. Oʻnlab yangi zavodlar, zamonaviy agroklasterlar, qoʻshma korxonalar ishga tushirilgan. Koʻplab bolalar bogʻchalari, maktablar, oliygohlar, sogʻliqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport maskanlari barpo etilgan.
Aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish boʻyicha muhim dasturlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “temir daftar”ga kiritilgan 65 mingga yaqin oilaga, bolalikdan nogiron aʼzosi boʻlgan hamda boquvchisini yoʻqotgan 17 ming oilaga moddiy yordam koʻrsatilgan. Bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish darajasi 2017 yildagi 32 foizdan 75 foizga yetgan.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasida ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, aholini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan taʼminlash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini yaxshilash boʻyicha ham koʻp ishlar amalga oshirilmoqda. Ularning natijalarini hududda yashayotgan insonlar oʻz hayotida his etmoqda.
Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, hududni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ham faol ish olib borilmoqda. Xususan, bir paytlar nochor ahvolga tushib qolgan Moʻynoq bugun butunlay yangicha qiyofa kasb etib, jadal rivojlanib borayotgan zamonaviy tumanlardan biriga aylandi.
Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalasi birinchi marta davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Dengizning qurigan qismida 1 million 733 ming gektar maydonda yashil hududlar barpo etildi. Ushbu hududning oʻsimlik va hayvonot dunyosini tiklash boʻyicha besh yillik milliy dastur ishlab chiqilmoqda.
– Qoraqalpogʻistonda amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlar bundan buyon ham albatta davom ettiriladi. Chunki Qoraqalpogʻistonning taqdiri – bu Oʻzbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun oʻzbek xalqining baxti va farovonligidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Joʻqorgʻi Kenges deputatlari yoshlarni aql-idrok bilan ish tutishga, turli xil gʻarazli chorlov va harakatlarga aldanmaslik, ularning qurboniga aylanmaslikka chaqirdi. Separatizmga, ommaviy tartibsizliklarga daʼvat etadigan har qanday harakatlarga qonunchilikka muvofiq keskin chora koʻrilishi, aybdorlar jazoga tortilishi aytib oʻtildi.
Sodir boʻlgan voqealar xalqimizni yanada hushyor va sezgir boʻlishga undaydi. Bugungi tahlikali dunyoda yurtdoshlarimiz oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, mamlakatimizda barqaror va bardavom taraqqiyotni taʼminlash, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini, uning ertangi kunga boʻlgan ishonchini oshirish juda muhim. Faqat mana shu yoʻl bilan bugungi tahdid va xavf-xatarlarga munosib javob berish, turli buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi jamiyatimizda, avvalo, yoshlarimiz qalbida mustahkam immunitet yaratish, demokratik islohotlar yoʻlidan ortga qaytmasdan yanada samarali natijalarga erishish mumkin.
– Barchamiz uchun Vatan bitta. Bizni yagona, ulugʻ bir maqsad birlashtiradi. U ham boʻlsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligidir. Barchamiz birgalikda Yangi Oʻzbekiston va Yangi Qoraqalpogʻistonni albatta barpo etamiz, – deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.
Yigʻilishdan soʻng, Shavkat Mirziyoyev Nukus tumanidagi “Samanbay” ovul fuqarolar yigʻiniga borib, yoshullilar, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari bilan uchrashdi.
Prezidentimiz Qoraqalpogʻistonda sodir boʻlgan tashvishli voqealarni butun xalqimiz chuqur dard va iztirob bilan qabul qilgani, bu sinovni ogʻir-bosiqlik, ahillik bilan ortda qoldirish kerakligini taʼkidladi.
Odamlar buni tasdiqlab, Qoraqalpogʻistonning donishmand eli bundan buyon ham oʻzbek va qoraqalpoq xalqlarining birligiga, ogʻizbirchiligiga asoslangan muqaddas qadriyatlarni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab yashashiga ishonch bildirdi.