Shavkat Mirziyoyev: Beqiyos imkoniyatlarni yaratib bergan istiqlolimiz jonajon Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin, oʻchmas sahifa boʻlib qoladi

0
97
marta koʻrilgan.

Mamlakatimiz mustaqilligining har bir yili qadrli, salmoqli. 30 yillik esa bu tarixni oʻzida qamragan yanada shonli sana. Shu kunlarda xalqimiz mazkur ayyomni zoʻr shodu xurramlik bilan nishonlamoqda.

Bu yilgi bayram tantanasi shu sanaga bagʻishlab bunyod etilgan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzlab, butun xalqimizni mustaqillikning 30 yillik bayrami bilan tabrikladi.

– Barchamizga ayonki, el-yurtimiz asrlar davomida ozod va erkin hayotni, adolatli jamiyatni orzu qilib yashadi. Bu muqaddas maqsad yoʻlida jon olib, jon berib kurashdi, mashaqqatli sinovlarni mardona yengib oʻtdi. Xalqimiz qalbidagi hurriyat sari ezgu intilishni hech qanday bosqin, zulm va zoʻravonliklar yoʻqota olmadi. 1991 yil 31 avgust kuni mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom maʼnodagi buyuk tarixiy voqea yuz berdi. Necha yuz yillar davomida kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan xalqimiz ulugʻ orzusiga erishdi – oʻzining davlat mustaqilligini qoʻlga kiritdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston mustaqilligini eʼlon qilib, tariximizning eng murakkab va ogʻir davrlarida davlatimizni boshqargan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovni, uning rahbarligida amalga oshirilgan ulkan ishlarni esga oldi.

Istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurildi. Zamonaviy davlatchilik asoslari, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari shakllandi. Qadimiy tariximiz, boy madaniy merosimiz, milliy-diniy qadriyatlarimiz, oʻzligimiz tiklandi. Vatanimiz jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egalladi.

Inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, soʻz va vijdon erkinligini taʼminlashga alohida eʼtibor berilmoqda. Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiya qabul qilindi. Koʻp yillardan buyon jiddiy muammo boʻlib kelgan majburiy va bolalar mehnati toʻliq tugatildi.

Oʻzbekiston Respublikasi tarixda ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga saylandi. Bu esa ushbu yoʻnalishdagi islohotlarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilayotganining yaqqol tasdigʻidir.

Oxirgi besh yil keskin sinovlar davri boʻldi. Ayniqsa, 2020 yili boshlangan koronavirus pandemiyasi va shu sababli kelib chiqqan iqtisodiy inqiroz global dunyoning ajralmas qismi sifatida Oʻzbekiston uchun ham jiddiy muammolarni yuzaga keltirdi.

– Yaratganning inoyati, el-yurtimizning ahilligi va fidokorona mehnati bilan bu mashaqqatli sinovlarni mardona yengib oʻtmoqdamiz. Mamlakatimizda olib borilayotgan jadal va keng koʻlamli islohotlar yurtimizda yangi davrni – yangi Oʻzbekiston davrini boshlab berdi, – dech taʼkidladi Prezident.

Bu asosiy iqtisodiy koʻrsatkichlarda ham namoyon. Xususan, 2017-2020 yillarda mamlakatimizning iqtisodiy oʻsish darajasi 18,3 foizni tashkil etib, yalpi ichki mahsulot 60 milliard dollarga yetdi. Tashqi savdo aylanmasi 2016 yildagi 24 milliard dollardan 2020 yilda 36 milliard dollarga koʻpaydi.

Ishbilarmon doiralarning mamlakatimizga ishonchi ortdi. Investitsiyalarning umumiy hajmi qisqa muddatda 2,1 martaga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar hajmi 3 barobarga yaqin oʻsdi.

Joylarda yirik zavodlar, kichik sanoat zonalari, infratuzilma inshootlari, IT-parklar ishga tushirildi. Sanoat va qishloq xoʻjaligida klaster tizimi yoʻlga qoʻyildi. Tadbirkorlik har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani aholini ish bilan taʼminlashda muhim omil boʻlmoqda. 

Bugun ishonch bilan ayta olamizki, Oʻzbekiston uchun global inqirozning ogʻir damlari ortda qolmoqda, — dedi davlat rahbari.

Iqtisodiyot rivojini aholining real yalpi daromadi 2016 yilga nisbatan 28 foizga oʻsganida ham koʻrish mumkin. Islohotlar doirasida qabul qilingan yirik dasturlar aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari natijasida koʻp joylar qurilib, taʼmirlandi. 2017-2020 yillar davomida 140 mingdan ziyod arzon va sifatli uy-joylar bunyod etildi. Ushbu koʻrsatkich 2016 yilga nisbatan qariyb 11 baravarga koʻp.

Ijtimoiy sohalarda amalga oshirilgan ishlar ham qayd etildi. Birlamchi va shoshilich tibbiy yordam tizimi sifat jihatidan oʻzgardi. Ixtisoslashgan tibbiy markazlar, koʻplab klinikalar barpo etildi. Oʻz vaqtida koʻrilgan choralar tufayli koronavirus pandemiyasiga qarshi samarali kurashildi.

 Taʼlim sohasidagi natijalarni alohida taʼkidlash joiz. Avvalo, maktabgacha taʼlimga alohida eʼtibor qaratilib, bu boradagi qamrov darajasi 62 foizga yetdi.

Yangi turdagi taʼlim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Birgina joriy yilda matematika fani boʻyicha 56 ta, kimyo-biologiya fani boʻyicha 28 ta, informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha 14 ta ana shunday maktablar tashkil etildi.

Soʻnggi besh yilda 64 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshirildi. Endilikda bitiruvchi yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2016 yilgi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi. Bundan tashqari, yoshlar talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatilmoqda.

Tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlarning ahamiyati qayd etib oʻtildi.

Oxirgi yillardagi ochiq va pragmatik tashqi siyosat tufayli mamlakatimizning mintaqa va jahon miqyosidagi nufuzi oshdi. Dunyoda Oʻzbekistonga nisbatan ishonch ruhi va hamkorlikka intilish tamoyillari kuchaydi.

Mintaqamizda doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari yoʻlga qoʻyilgani natijasida jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo boʻldi.

Soʻnggi kunlarda Afgʻonistonda yuz berayotgan voqealarga ham toʻtalib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston ushbu mamlakatda tezroq tinchlik va barqarorlik oʻrnatilishi tarafdori ekanini, hokimiyat tranziti xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyorlarini inobatga olgan holda, milliy kelishuv asosida tinch yoʻl bilan amalga oshirilishi muhimligini taʼkidladi.

Prezidentimiz bayram tadbirida qatnashgan xorijiy davlatlar elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillari va chet ellik sheriklarni ham qutlab, ezgu tilaklarini bildirdi.

Mamlakatimizdagi islohotlar muqarrar tus olgani, xalqimiz ularni qoʻllab-quvvatlab, faol ishtirokchisiga aylangani taʼkidlandi.   

– Oradan hali qancha yillar, asrlar oʻtadi. Yurtimizda yangi-yangi avlodlar dunyoga keladi. Milliy davlatchiligimizni tiklab, bizga taraqqiyot va farovonlikka erishish yoʻlida mana shunday beqiyos imkoniyatlarni yaratib bergan istiqlolimiz jonajon Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin, oʻchmas sahifa boʻlib qoladi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Bayram shodiyonasi katta konsert dasturi bilan davom etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.