Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 aprel kuni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Xalqaro ekspertlarning hisob-kitoblariga koʻra, pandemiya dunyo iqtisodiyotiga 2 trillion dollardan ziyod zarar yetkazishi kutilmoqda. Hamma joyda savdo aloqalari, koʻplab xizmatlar toʻxtab qolgan.
Mamlakatimizda ushbu inqiroz iqtisodiyotga keskin salbiy taʼsirining oldini olish maqsadida zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari qabul qilinib, biznes tuzilmalarga koʻplab imtiyoz va preferensiyalar berildi.
Bugungi yigʻilishda Prezidentimiz korxonalarning izchil ishlashiga koʻmaklashish, barcha imkoniyat va zaxiralarni toʻliq safarbar etish zarurligini taʼkidladi.
– Bitta korxona faoliyatini toʻxtatishiga ham “favqulodda holat” deb qaralishi kerak. Chunki bu korxonalar qanchadan-qancha ish oʻrinlari va oilalar daromadini taʼminlamoqda. Yil boshida barcha hokimlar tadbirkorlikni rivojlantirishi boʻyicha murojaat qabul qilib, katta marralarni belgilab olgan edik. Hozir sinov davri. Qaysi hokim hisob-kitobini joy-joyiga qoʻyib, ichki rezerv, yaratilayotgan imkoniyatlardan toʻgʻri foydalansa, bu marralarga, albatta, erishadi. Tadbirkorlarni har taraflama qoʻllab-quvvatlash, mushkulini oson qilish va barcha zarur sharoitlarni yaratib berish hozirgi paytda har doimgidan ham muhim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yalpi ichki mahsulotning asosiy qismi va aholi bandligini taʼminlaydigan 2 mingdan ortiq yirik korxona faoliyati umuman toʻxtamasligi kerakligi taʼkidlandi. Buning uchun ularning har biriga Prezident maslahatchilari, Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlik, idora va banklar rahbarlari masʼul etib biriktirildi. Ushbu korxonalarda karantin tartib-qoidalariga qatʼiyan amal qilgan holda, Respublika maxsus komissiyasining qarorlariga rioya etgan holda ish tashkil etiladi. Biriktirilgan rahbarlar korxonalarga infratuzilma va xomashyo taʼminoti, mahsulot va ishchilarni tashish, soliq, kredit, bojxona masalalarida amaliy yordam berib boradi.
Tuman va shahar sektor rahbarlari oʻz hududidagi korxonalarni otaliqqa olib, ular bilan muntazam ravishda birma-bir ishlaydi. Tuman Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish boʻlimida shtab tashkil etilib, har bir tadbirkorning muammosi hal etib boriladi.
– Hamma shuni yaxshi bilishi kerak: birorta ham tadbirkorni oʻz holiga tashlab qoʻymaymiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Aytib oʻtilganidek, pandemiya oqibatlari ogʻir taʼsir qiladigan ushbu korxonalar bilan alohida ishlash zarur. Moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan korxonalar rahbarlari imtiyoz olish uchun bank va soliq idoralarida sarson boʻlib yurmasligi kerak.
Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan ijtimoiy soha va boshqa infratuzilma obyektlari qurilishiga qoʻshimcha 3,6 trillion soʻm ajratildi. Bu mablagʻlar, eng avvalo, ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi. Xususan, 152 ta loyihaning muammolari hal qilinsa, 10 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi.
Videoselektor yigʻilishida eksport masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Yuklarni temir yoʻl orqali konteynerda tashish, stansiyalarda refrijerator seksiyalarini koʻpaytirish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilarga meva-sabzavotlar, toʻqimachilik va elektrotexnika mahsulotlari, qurilish materiallari eksporti boʻyicha har bir korxona muammosini tezkor hal qilib borish yuzasidan toshiriqlar berildi.
Aholini zarur isteʼmol tovarlari, oziq-ovqat, dori va gigiyena mahsulotlari bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Yurtimizdagi 358 ta dehqon bozori va ulardagi “Elga xizmat” korxonasini jalb etib, mahallalarda soddalashtirilgan koʻchma savdoni yoʻlga qoʻyish choralari belgilandi.
Qolaversa, aholi ixtiyorida 4,5 millionta tomorqa xoʻjaligi bor. Shu kunlarda ulardan ham mahsulot olina boshlaydi. Bu odamlarga qoʻshimcha daromad, xalqimizga rizq-roʻz manbai. Shu bois tomorqadan mahsulotlarni sotib oluvchilarga karantinga amal qilgan holda erkin harakatlanishi uchun sharoit yaratish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Maʼlumki, karantinning ilk kunlaridanoq xalqimiz jipslashib, saxovatpesha insonlar yolgʻiz keksalar, ehtiyojmand oilalarga yordam qoʻlini choʻzib kelmoqda. Ushbu saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va xavfsizlik qoidalarini taʼminlagan holda amalga oshirish maqsadida xayr-ehsonlar Toshkent shahridagi “Oʻzekspomarkaz”da jamlanmoqda hamda koll-sentrga kelib tushgan murojaatlar asosida mahalla vakillari va koʻngillilar guruhlari tomonidan ehtiyojmand oilalarga tarqatilmoqda. Buning uchun 20 ta “Damas” avtomashinasi ajratilib, barcha himoya vositalari bilan taʼminlangan.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligiga shunday tartibni viloyat markazlarida ham tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasiga tijorat banklari bilan birgalikda bu yil hunarmandchilik loyihalari uchun ajratilgan 50 million dollar kredit mablagʻlarining egalariga toʻliq yetib borishini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda davlat byudjeti tushumlar prognozining bajarilishiga oid masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.
Joriy yilning birinchi choragida byudjetga 24 trillion soʻm soliq va 4,8 trillion soʻm bojxona tushumlari yigʻilib, barcha hududlarda daromadlar prognozi toʻliq bajarilgan.
Masalan, ikkinchi chorakda tabiiy gaz sotish hajmi kamayishi, misning jahon bozoridagi narxi pasayishi kabi omillar hisobiga byudjetga soliq tushumi birinchi chorakka nisbatan 1,4 trillion soʻmga kamayishi hisob-qitob qilinmoqda. Bunday holat bojxona tushumlarida ham kuzatiladi.
Bu vaziyat moliya, soliq, bojxona va boshqa iqtisodiy kompleks idoralaridan yuqori darajada safarbarlikni talab etadi. Shu bois mutasaddi rahbarlar korxona va tadbirkorlarning muntazam ishlashiga koʻmaklashib, tushumlarni koʻpaytirish choralarini koʻrishi muhimligi taʼkidlandi.
Videoselektor orqali har bir mutasaddi vazirlik, idora, tashkilot rahbarlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar hokimlarining kun tartibida belgilangan masalalar yuzasidan hisobotlari eshitildi.