Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muzokaralar anʼanaviy doʻstlik va oʻzaro anglashuv ruhida oʻtganini, davlat rahbarlarining mintaqada ishonch va yaxshi qoʻshnichilik muhitini yanada mustahkamlashga boʻlgan intilishi va qatʼiy siyosiy irodasining yaqqol ifodasi boʻlganini taʼkidladi.
– Biz oʻzaro hamkorlikning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qildik. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish yoʻlida butunlay hamfikr ekanimizni yana bir bor tasdiqladik. Uchrashuv dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar boʻyicha bizning qarash va yondashuvlarimiz, oʻzaro juda yaqin ekanini namoyish etdi, – dedi davlatimiz rahbari.
Uchrashuvda savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va mintaqaning tranzit imkoniyatlarini kengaytirish masalalari koʻrib chiqilgani maʼlum qilindi.
Tomonlar hududlar darajasida faol almashinuvlar va muloqotni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ilm-fan, taʼlim, turizm, madaniyat va sport sohalarida qoʻshma tadbirlarni muntazam oʻtkazishga kelishib oldilar.
Muzokaralar chogʻida mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash uchun koʻp tomonlama hamkorlik masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilgani aytildi.
Sammit yakunida Qoʻshma bayonot qabul qilindi hamda Maslahat uchrashuvlariga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish reglamenti maʼqullandi.
Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti — Elboshi Nursulton Nazarboyev bir ovozdan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvining Faxriy raisi etib saylandi.
– Bizni mushtarak tarix va madaniyat, yagona muqaddas din, oʻxshash mentalitet, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar va anʼanalar, hamda ajralmas doʻstlik chambarchas bogʻlab turadi. Bularning barchasi, xalqlarimiz farovonligi va ravnaqi yoʻlida Markaziy Osiyo davlatlari salohiyatini birlashtirishga qaratilgan oʻzaro manfaatli hamkorligimizga mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi kelgusi yili Qirgʻizistonda oʻtkaziladi.