O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkekda BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozmeri DiKarloni qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan BMT institut va muassasalari o‘rtasidagi Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishga qaratilgan ko‘p qirrali sheriklik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashning dolzarb masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Orol fojiasi oqibatlarini, jumladan, BMT shafeligidagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun ko‘p sheriklik Trast fondi doirasida bartaraf etish bo‘yicha faol sa’y-harakatlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Rozmeri DiKarlo samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
BMTning yuqori martabali vakili Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini qaytarish bo‘yicha missiya muvaffaqiyatli amalga oshirilganini alohida qayd etdi.
Uchrashuv yakunida ustuvor loyiha va dasturlarni birgalikda ilgari surish orqali o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash borasidagi intilish qat’iy ekani ta’kidlandi.
Manba: president.uz sayti