Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 21 sentyabr kuni Boʻzatov tumanida Qoraqalpogʻiston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuvni nomzodning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha ishonchli vakili A.Daniyarov ochdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev oʻzining saylovoldi dasturi yuzasidan maʼruza qildi.
— Saylovoldi uchrashuvlarimni eng avvalo Qoraqalpogʻiston diyoridan boshlayotganim bejiz emas. Ilgari ham aytganman, bugun ham katta mamnuniyat bilan takrorlayman – men oʻzimni qoraqalpoq xalqining ham farzandi deb bilaman, — deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Nomzodning dasturi barcha sohalarni qamrab olgan oʻnta ustuvor yoʻnalishdan iborat. Jumladan, ilm va innovatsiyalarga asoslangan yangi iqtisodiyotni barpo etish, faol tadbirkorlik va manzilli moliyaviy koʻmak orqali kambagʻallikni qisqartirish, qishloq xoʻjaligida samaradorlikni oshirish, taʼlim sifatini kuchaytirish, aholi salomatligini mustahkamlash, hududlarni mutanosib rivojlantirish, xalqchil va insonparvar davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash, ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritish, madaniy-maʼnaviy sohalarni yuksaltirish boʻyicha rejalar begilangan.
Oxirgi besh yilda Qoraqalpogʻistonda yuz bergan oʻzgarishlar qayd etildi. Xususan, sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida umumiy qiymati 2 milliard dollardan ziyod 2 ming 500 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilgan. Kichik biznes subyektlari soni 2 barobar koʻpayib, qariyb 21 mingtaga yetgan. Shu davrda 83 mingta yangi doimiy ish oʻrni yaratilgan.
Shavkat Mirziyoyev kelgusi besh yillikka moʻljallangan dasturini ham bayon etdi. Xususan, iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlik uchun qulay infratuzilma yaratish, aholi va qishloq xoʻjaligini suv bilan taʼminlash, ekologiyani yaxshilash boʻyicha rejalar maʼlum qilindi.
— Biz saylovoldi dasturimizdan oʻrin olgan har bir masala haqida chuqur va atroflicha fikr yuritib, puxta tahlil qilib, ularni roʻyobga chiqarishning aniq choralarini belgilab olganmiz. Bugungi uchrashuvimizda qoraqalpogʻistonlik tajribali rahbarlar, oddiy xalq hayotini yaxshi biladigan insonlar, hurmatli oqsoqollar bilan maslahatlashib, bildirilgan takliflar asosida dasturimizni yanada boyitishni maqsad qilganmiz, — dedi davlat rahbari.
Uchrashuvda partiya vakillari soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi va boshqalarni ham shunga daʼvat etdi.