Shavkat Mirziyoyev: Bu madaniyatni bobo-momolarimiz qalb qoʻri bilan yaratgan

0
211
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Margʻilon shahridagi “Oltin ipak karvonsaroyi” turistik markazini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu yerga kelgan kishi qadim oʻzbek xonadonlaridagi muhitni his etadi. Majmuaning birinchi qavatida gilamdoʻzlik, kashtachilik, misgarlik kabi xalq hunarmandchiligi xonalari joylashgan. Ularda sayyohlar milliy mahsulotlarimizning tayyorlanish jarayonini yaqindan koʻrishi, xarid qilishi mumkin.

Ikkinchi qavatda jami 30 oʻrinli qadimiy uslubdagi karvonsaroy tashkil etilgan. Istiqbolda majmua bir yilda 10 mingdan ortiq sayyohlarga xizmat koʻrsatishi moʻljallangan.

Davlatimiz rahbari milliy oʻzligimizga va yoshlar tarbiyasiga eʼtibori uchun hunarmandlarga minnatdorlik bildirdi.

— Hozirgi yuksak texnologiyalar asrida mana shunday oddiy, samimiy joylarni odam sogʻinadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bu hunarlarni, bu madaniyatni bobo-momolarimiz faqat qoʻli bilan emas, qalb qoʻri bilan yaratgan. Bir paytlar bu yoʻnalishlar yoʻqolib ketishiga oz qolgandi. Ularni asrab-avaylayotganingiz uchun rahmat. Bu madaniyatimizni nafaqat chet elliklarga targʻib qilish, balki farzandlarimizga ham singdirish kerak.

Prezident ustalarning milliy hunarlarni maktablarda oʻrgatish taklifini qoʻllab-quvvatladi. Mutasaddilarga turizm salohiyatini oshirish, uni targʻib etishda kinodan oqilona foydalanish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Oʻtgan yili Margʻilon shahriga «Jahon ipak va ikat hunarmandlari shahri» maqomi berilgan edi. Bunday maqomga Buxoro zardoʻzlik, Qoʻqon yogʻoch oʻymakorligi boʻyicha sazovor boʻlgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.