Shavkat Mirziyoyev: Bugungi poydevor natijasini xalqimiz albatta koʻradi

0
50
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizning har bir hududida yoshlarning gʻururini koʻtaradigan koʻp ishlar qilinmoqda. Masalan, Toshkentda Abdulla Qodiriy, Nukusda Ibroyim Yusupov, Qarshida Abdulla Oripov nomidagi kabi 9 ta ijod maktabi tashkil etildi.

Sirdaryo viloyatida ham yoshlarga ibrat boʻladigan atoqli insonlar koʻp. Ulardan biri Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevadir. U nodir isteʼdodi, badiiy teran va falsafiy sheʼrlari, publitsistik asarlari bilan oʻzbek adabiyoti rivojiga ulkan hissa qoʻshgan.

Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda Sirdaryo viloyatiga tashrifi chogʻida marhum shoira nomini abadiylashtirish, isteʼdodli yoshlarga sharoit yaratish maqsadida ijod maktabi tashkil etish taklifini bildirgan edi. Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinib, oʻsha yili dekabrda ushbu taʼlim maskani foydalanishga topshirildi.

Tashrif chogʻida Prezident maktabga kiraverishdagi Halima Xudoyberdiyeva haykaliga gul qoʻydi. Shoira hayoti va ijodiga bagʻishlangan moʻjaz muzeyni koʻzdan kechirdi. Oʻquvchilar Halima Xudoyberdiyeva sheʼrlaridan namunalar oʻqib berdi.

Ijod maktabida umumtaʼlim fanlari bilan birga, ona tili va adabiyot chuqur oʻrgatiladi. Ayni paytda 7-11-sinflarda 180 nafar iqtidorli yigit-qiz taʼlim olmoqda. Sinflar, kompyuter xonasi, laboratoriya, sport zali va yotoqxona zamonaviy jihozlangan. Maktab kutubxonasida 3 ming 500 dan ziyod badiiy adabiyotlar jamlangan.

Muallim va ziyolilar bilan suhbatda taʼlim sifati, sohadagi islohotlar haqida soʻz bordi.

— Biz birinchi kundan taʼlim sifatini yaxshilashga, muallimlarning maqomi va obroʻsini koʻtarishga harakat qilyapmiz. Bu haqdagi meʼyorlarni Konstitutsiyaga ham muhrlayapmiz. Koʻryapsizlar, zamon murakkab boʻlib ketyapti. Qachon biz bu raqobatga munosib boʻlamiz? Bilimli boʻlsak. Shuning uchun taʼlim mazmunini isloh qilib, yoshlarga sharoit yaratyapmiz. Zamonlar oʻtadi, muhit oʻzgaradi. Bugungi poydevor natijasini xalqimiz albatta koʻradi. Yoshlarimizdan yana koʻplab Buxoriylar, Beruniylar, Ulugʻbeklar chiqadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ijod maktablarini universitetlarga biriktirish, viloyatdagi maktablar bilan aloqasini kengaytirish, isteʼdodli yoshlarning kitoblarini chop etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shu bilan Prezidentning Sirdaryo viloyatiga tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.