Shavkat Mirziyoyev: Bugungi tadbirkor yoshlar — Yangi Oʻzbekiston mahsuli

0
63
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 noyabr kuni Termiz shahrida barpo etilgan Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 21 apreldagi qaroriga muvofiq, mamlakatimizning barcha hududlarida yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etilmoqda. Bu ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlashi va yuritishlari uchun zamin boʻlmoqda.

Termiz shahrining Tinchlik mahallasi hududida ham shunday sharoit tashkil etildi. 2 gektar maydondagi binolarda jami 42 ta loyiha joylashtirildi. Ular qurilish materiallari, kimyo va neft-kimyo, mebelsozlik, oziq-ovqat, toʻqimachilik sanoatiga taalluqli. Binolarni xarid qilish, uskunalar olib kelish va ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan imtiyozli kreditlar tijorat banklari orqali ajratiladi. Barcha korxonalar ishga tushgach, 500 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari bu yerda joylashtirilgan korxonalar mahsulotlarini koʻzdan kechirdi. Ulardan biri anor sharbatini qadoqlab, qoʻshni davlatlarga eksport qilmoqda. Yana biri kiyim va gilam toʻqishni yoʻlga qoʻyib, xotin-qizlarni ish bilan taʼminlagan.

Prezident bunday sanoat zonalarini viloyatning har bir tumanida barpo etish, mahallalarda hunarmandchilik, kasanachilikni kengaytirish zarurligini taʼkidladi. Ikki yillik tajribadan kelib chiqib, Surxondaryoda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha alohida qaror qabul qilish, bunga 50 million dollar mablagʻ ajratish boʻyicha taklif ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

— Bugungi tadbirkor yoshlar — Yangi Oʻzbekiston mahsuli. Ularning bilimi ham, intilishi ham yangicha. Shuning uchun sanoat zonalarini yoshlarning oʻziga berish kerak. Bu tumanlar uchun tayyor «loyihalar fabrikasi» boʻladi. Mutasaddilar faqat korxonalarni innovatsiyaga oʻtkazishga, bozorga chiqishga koʻmaklashishi kerak. Bunda asosiysi — tannarx, sifat, raqobat, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, bu viloyat yoshlarining sportga qobiliyati zoʻrligi, lekin ular shugʻullanayotgan sport turlari cheklanib qolgani qayd etildi. Shu bois Surxondaryo yoshlarini sportga jalb qilish boʻyicha qaror loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilandi. Bu maqsadlarga 30 milliard soʻm yoʻnaltirilishi koʻzda tutilmoqda. “Uchqizil” suv omborida baydarka va kanoeda eshkak eshish bazasi tashkil qilinadi.

Shu yerda mahalliy sanoat mahsulotlari namoyish etildi, investitsiya loyihalari taqdimoti oʻtkazildi. Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 4 milliard 600 million dollarlik 82 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Buning 4 milliard dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyadir. Energetika, kimyo, togʻ-kon, qurilish materiallari, toʻqimachilik va boshqa sanoat tarmoqlaridagi bu loyihalarda qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar, oʻn minglab ish oʻrni yaratiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.