Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni tabrikladi

0
32
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni Donald Trampga Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti saylovida gʻalaba qozonib, ushbu lavozimga saylangani munosabati bilan tabrik yoʻlladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

 

Amerika Qoʻshma Shtatlarining saylangan Prezidenti

Donald Jon Tramp Janobi Oliylariga

Muhtaram Tramp Janobi Oliylari!

Sizni Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti lavozimiga saylanganingiz munosabati bilan chin dildan samimiy muborakbod etib, oʻzimning qizgʻin tabriklarimni va eng ezgu tilaklarimni yoʻllashdan behad mamnunman.

Saylovlardagi ishonchli gʻalabangiz Sizdek boy tajribali va mohir siyosatchining AQSHni xalqaro maydondagi nufuzi va iqtisodiy qudratini oshirish, global taraqqiyot va farovonlikni taʼminlashga qaratilgan dastur va rejalaringiz Amerika xalqi tomonidan faol qoʻllab-quvvatlanganini yana bir bor yaqqol tasdiqladi.

Biz Amerika Qoʻshma Shtatlarining mamlakatimiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan oʻzgarmas pozitsiyasini, ortga qaytmas tus olgan tub islohotlarimizga koʻrsatib kelayotgan doimiy koʻmagini alohida qadrlaymiz.

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, aynan Sizning ilk prezidentlik davringizda, 2018 yil may oyida Oq uyda oʻtkazgan sermahsul muzokaralarimizdan keyin Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklikning yangi davri boshlangan edi.

Sizning shaxsiy eʼtiboringiz bilan mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar misli koʻrilmagan darajada rivojlanib, oʻzaro ishonch, hurmat va bir-birini qoʻllab-quvvatlashga asoslangan siyosiy muloqotlarimiz yanada mustahkamlandi, savdo-iqtisodiy, xavfsizlik, harbiy-texnikaviy va gumanitar aloqalar jadallashdi.

Yuqori darajadagi vakillarimiz va qonun chiqaruvchilar oʻrtasidagi faol tashriflar almashuvlari natijasida hamkorligimiz sifat va mazmun jihatidan yuksak bosqichga koʻtarildi.

Hurmatli Janobi Oliylari!

Biz bundan keyin ham Sizning boshchiligingizdagi AQSH Administratsiyasi bilan doʻstona aloqalarni izchil davom ettirishdan, oliy va yuqori darajada erishilgan barcha kelishuvlarni toʻliq amalga oshirishdan manfaatdormiz.

Shuningdek, “S5+1” platformasi va “Markaziy Osiyo davlatlari bilan AQSH oʻrtasida savdo va investitsiyalar boʻyicha hadli Bitimi” doirasida mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdorimiz.

Aminmanki, birgalikdagi qatʼiy saʼy-harakatlarimiz bilan siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, xavfsizlik, bank-moliya, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi, raqamlashtirish, innovatsiya, taʼlim va boshqa sohalardagi sherikligimiz rivojlanib, qoʻshma loyihalar bilan samarali boyib boraveradi.

Ishonchim komilki, kelgusida Afgʻonistonda barqaror tinchlikni taʼminlash va uning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotiga hissa qoʻshish oʻzaro hamkorligimizning ajralmas qismiga aylanadi.

Uzoq muddatli va keng qamrovli munosabatlarimizni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida Siz, Janobi Oliylarining Oʻzbekistonga rasmiy tashrifingizni kutib qolamiz.

Fursatdan foydalanib, Sizni ushbu tarixiy gʻalabangiz bilan yana bir bor chin qalbdan qutlab, mustahkam salomatlik, baxt-saodat, boshlanayotgan masʼuliyatli faoliyatingizda yangi omadlar, doʻst Amerika xalqiga esa tinchlik-totuvlik va bardavom taraqqiyot tilab qolaman.

Samimiy ehtirom ila,

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.