Shavkat Mirziyoyev: Elimiz vatanparvar avlod bilan haqli ravishda faxrlanadi

0
227
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 27 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida boʻlib oʻtgan boks boʻyicha jahon chempionatida yuqori natijalarga erishgan bir guruh sportchi va murabbiylar faxriy unvonlar va medallar bilan taqdirlangan edi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.    

30 sentyabr kuni Koʻksaroyda ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi boʻldi. Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sport federatsiyalari rahbarlari, bokschilarning ota-onalari ishtirok etdi. 

Mamlakatimizda yoshlar kamoloti, sport rivoji uchun puxta zamin yaratilgan. 2019-2023 yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi izchil amalga oshirilmoqda. Joylarda yangi sport obyektlari ishga tushirilib, yoshlar sogʻlom turmush tarziga faol jalb etilmoqda. Professional sportchilarning mashgʻulotlar oʻtkazishi, mahoratini muntazam oshirib borishi uchun zarur sharoit yaratilmoqda.

Joriy yilning 4 sentyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilangan edi.

Oʻtgan qisqa vaqtda mamlakatimiz vakillari bir nechta turnirlarda ishtirok etib, ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritdi. Xususan, 14-22 sentyabr kunlari Qozogʻiston poytaxti Nur-Sulton shahrida boʻlib oʻtgan yunon-rum kurashi boʻyicha jahon chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi 4 ta medal bilan 2-oʻrinni egalladi. Eʼtiborlisi, sovrindor sportchilarimiz 2020 yilgi Tokio Olimpiadasiga ham yoʻllanma oldi.

20-25 sentyabr kunlari Toshkentda dzyudo boʻyicha xalqaro Gran-pri turniri yuqori saviyada oʻtkazildi. Unda 71 mamlakat sportchilari 14 ta vazn toifasida qatnashdi. Yurtimiz terma jamoasi jami 6 ta medal bilan 2-oʻringa sazovor boʻldi.

6-22 sentyabr kunlari Yekaterinburg shahrida boʻlib oʻtgan boks boʻyicha jahon chempionati sportchilarimiz uchun yanada muvaffaqiyatli boʻldi. Saksonga yaqin mamlakatdan eng kuchli charm qoʻlqop ustalari ishtirok etgan gʻoyat keskin bellashuvda terma jamoamiz 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi. AQSH, Kuba, Rossiya, Qozogʻiston, Angliya, Hindiston kabi boks boʻyicha yetakchi davlatlar vakillarini ortda qoldirib, umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egalladi. Jamoa sardori Bahodir Jalolov chempionatning “Eng yaxshi bokschisi” deb topildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz sportchilarini, ularning ustoz va murabbiylarini, butun xalqimizni boks boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasining tarixiy gʻalabasi bilan samimiy muborakbod etdi.

– Jahon chempionatida yuksak mardlik va matonat koʻrsatib, yurtimizga shunday buyuk gʻalabani olib kelganingiz har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir. Oʻsha kunlari keksayu yosh – butun xalqimiz sizlarga zafar tilab, katta hayajon va qiziqish bilan oʻz nigohini Yekaterinburg arenasiga qaratdi. Elimiz ana shu ulkan ishonchni oqlagan sizdek jasur, vatanparvar avlod bilan haqli ravishda faxrlanadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Bu yutuqlar nafaqat jismoniy, balki ruhiy va maʼnaviy kuch natijasi, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud kabi buyuk ajdodlarimizga munosib oʻgʻlonlargina bunday zafarlarga qodir ekani taʼkidlandi.

Prezidentimiz shunday bahodir yigitlarni tarbiyalab, voyaga yetkazgan mehribon ota-onalar, jonkuyar ustoz va murabbiylarga tashakkur aytdi.

Maʼlumki, bokschilarimiz 2016 yil Rio-de-janeyroda boʻlib oʻtgan Olimpiya oʻyinlarida ham umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egallagan edi. Jahon chempionatidagi natijalar bunday yutuqlar tasodifiy emasligini, yurtimiz tom maʼnoda boks mamlakatiga aylanib borayotganini yaqqol namoyon etdi.

– Bu gʻalaba “Oʻzbekiston boks maktabi”, “Oʻzbekiston bokschilari” degan soʻzlarni jahon sporti tarixiga oltin harflar bilan muhrlab qoʻydi. Endi Oʻzbekiston bokschilarini, oʻzbek boks maktabini tan olgan ham tan oladi, tan olmagan ham tan oladi. Endi “Oʻzbekiston”, “oʻzbekistonlik” desa, manaman degan bokschilar ham oʻylab ringga tushadigan boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari gʻolib va sovrindor boʻlgan bokschilarni, ularning murabbiylarini nomma-nom tilga olib, ularni qutladi. Bugungi natijalar kelgusi yil Tokioda oʻtadigan Olimpiya oʻyinlari uchun mustahkam poydevor yaratganini, bu nufuzli musobaqaga koʻproq litsenziya olish va puxta tayyorgarlik koʻrish zarurligini taʼkidladi.

Prezidentimiz bokschilar va ularning murabbiylariga davlatimizning yuksak mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.

– Hamma qilayotgan ishlarimizdan maqsad — xalqimizni rozi qilish, yoshlarimizni barkamol etib tarbiyalash. Sizlarning gʻalabangiz har bir sohada adolat boʻlsa, uzoq-uzoq qishloqlardagi isteʼdodlar ham oʻz oʻrnini topsa, albatta natija boʻlishidan yana bir dalolat. Bu barcha yoshlarimizni marrani baland olib, oʻz ustida ishlashga, ulkan muvaffaqiyatlarga erishishga ruhlantiradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bokschilar, ularning onalari va ustozlari sportni rivojlantirishga yuksak eʼtibori, sportchi va murabbiylarga ragʻbati uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.